Florentino Peres

Madridning “Real” klubi prezidenti Florentino Peres iste’fo berish xayoli bilan yashamoqda. Bu haqda “Chempionat” Ispaniyaning Mundo Deportivo nashriga asoslanib ma’lum qildi.

Foto: “Real”

Foto: “Real”

Ayni vaqtda Peres o‘z ishini munosib davom ettirishi mumkin bo‘lgan nomzod izlash bilan band. Bunda voris “Real” qoidalariga rioya qilishi, uning ambitsiyalarini saqlash uchun ishlashi va “Santyago Bernabeu” rekonstruksiyasini davom ettirishi kerak.

Florentino Peres 2000-yilgi saylovlarda g‘olib chiqib, “Qirollik klubi” prezidentligiga kelgandi. Va aynan uning tashrifi “Barselona”dan Luish Figuning olib kelinishiga sabab bo‘lgan. Bora-bora “Real” hamda “galaktikos” so‘zlari yonma-yon qo‘llanila boshlandi. Jamoa libosini kiygan dunyo yulduzlarining soyasida “Real” tarbiyalanuvchilari bosh jamoada o‘z o‘rnini topa olmadi. Shu tariqa Peres 2006-yil iste’foga chiqdi.

Oradan 3,5 yil o‘tib, Florentino yana prezidentlikka qaytdi. Uning boshqaruvida “Real” Ispaniya chempionligini to‘rt marta nishonladi. Uch bor Chempionlar ligasida zafar quchdi va klublar o‘rtasidagi mundial chempionligini ikki marta qo‘lga kiritdi.

Joan Laporta

“Barselona” klubining sobiq prezidenti Joan Laporta esa Parijdagi dahshatdan keyin “tilga kirdi”. Uning fikricha amaldagi rahbariyat iste’foga chiqishi lozim.

Foto: Google Images

Foto: Google Images

Bunday mag‘lubiyatdan keyin odamning xayoliga birinchi navbatda ariza yozish kelishi kerak. Meni xayron qoldirayotgani esa Bartomeu bunday qilmayapti. Bu esa mening u haqidagi fikrlarimni yana bir karra tasdiqlamoqda.

Hozirgi rahbariyat “Barselona”ni jarga tortmoqda. Biz ularga qoldirgan narsalardangina foydalanishmoqda. Jamoani Bartomeu va qolgan rahbarlar qo‘lida qoldirish xavfli.

Joan Laporta, “Barselona” sobiq prezidenti

Ma’lumot uchun, Joan Laporta “Barselona” prezidentligini 2003—2010-yillar davomida bajargan. Uning boshqaruvida Kataloniya klubi to‘rt bor La liga va ikki bor Chempionlar ligasida muvaffaqiyat qozongan. O‘z vaqtida Toshkentning “Bunyodkor” klubi aynan Laporta davrida “Barselona” bilan hamkorlik shartnomasini imzolagandi.