Rossiyalik olim, Lobachyov nomidagi Nijegorodsk universiteti hamda Italiyadagi Kalabriya universiteti professori Yaroslav Sergeyev Eron islom respublikasi Ilm-fan, tadqiqot va texnologiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan xalqaro “Al-Xorazmiy” mukofotiga loyiq deb topildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Mukofot bilan taqdirlash marosimi 13-fevral kuni Tehronda Eron prezidenti Hasan Ruhoniy ishtirokida bo‘lib o‘tadi.
Mazkur mukofotni tez-tez “Eronning Nobeli” deb atashadi. U fanning qator sohalarida erishilgan ilmiy muvaffaqiyatlar uchun taqdim etiladi.2000-yildan beri o‘z faoliyatini asosan Italiyada olib borayotgan olimning “cheksiz kompyuterlar” ishlanmasi hamda global optimallashtirish borasidagi tadqiqotlari nufuzli ilmiy jamiyat tomonidan tan olingan.Yaroslav Sergeyev, rossiyalik olim
Fizika va matematika fanlari doktori sanalgan Sergeyev ushbu sohalarning yetakchi mutaxassisi bo‘lib, Global optimallashtirish xalqaro jamiyatining vitse-prezidenti hisoblanadi.
Bundan avval, 2010-yil olim Italiyada matematika bo‘yicha xalqaro Pifagor mukofotiga munosib topilgan. Shuningdek, u 2008 va 2010-yillarda AQShdagi xalqaro kongresslar mukofotlari, Turkiyaning Izmir va Italiyaning Turin universitetlari mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)