Yashil qit’a kortlarida bo‘lib o‘tgan Avstraliya ochiq chempionatining ayollar o‘rtasidagi yakkalik bellashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Hal qiluvchi o‘yinda amerikalik opa-singil — Vinus va Serena Uilyams ishtirok etdi.
Mukofot jamg‘armasi 50 million Avstraliya dollarini tashkil qilgan “Katta dubulg‘a”ning 2017-yildagi ilk chempionligi 35 yoshli Serena Uilyamsga nasib qildi. Ikki set davom etgan bellashuvda u opasi Vinus ustidan 6:4, 6:4 hisoblarida zafar quchishga muvaffaq bo‘ldi.
Qayd etish kerak, opa-singillar “Katta dubulg‘a” finallarida bunga qadar sakkiz bor to‘qnash kelgan bo‘lib, shularning faqatgina 2 tasida ayni vaqtda 36 yoshda bo‘lgan Vinus muvaffaqiyat qozongan. Serenaning bu boradagi g‘alabalari endi 7 taga yetdi.
Serena Uilyams Australian open musobaqalarida jami yetti bor zafar quchgan. “Katta dubulg‘a”ning barcha turnirlarida unga 23 bor bosh sovrin nasib qilgan. Bu borada Serena germaniyalik Shteffi Grafning ko‘rsatkichlarini takrorladi.
1968-yildan buyon o‘tkazib kelinadigan “Katta dubulg‘a” turkumida hozirga qadar eng ko‘p zafar quchgan ayol tennischi Margaret Kort hisoblanadi. Uning hisobida jami 24 ta bosh sovrin mavjud. 2017-yil davomida Serena qolgan uchta musobaqaning hech bo‘lmaganda yana 1 tasida zafar quchish orqali Kortning tennis kortlaridagi rekordini takrorlashi mumkin.
Izoh (0)