O‘zbekiston Mustaqilligining 26 yilligi tantanalarigacha Toshkent Janubiy vokzali tubdan ta’mirlanadi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi xabar bermoqda.
“Boshtransloyiha” AJ tomonidan loyihalashtirilgan Toshkent Janubiy vokzalining yangi binosi “xaytek” (hi-tech) usulda barpo etiladi. Bino bir sutkada 10 ming kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Binoning tashqi ko‘rinishi oq rangda bo‘lib, naqshlar keramika va sun’iy toshlar bilan bezatiladi. Vokzal bir qavatli bo‘lib, Toshkent shahar iqlimini inobatga olgan holda isitish va sovutish tizimlariga alohida e’tibor qaratilgan.
“Bu yerda yo‘lovchilarga ko‘plab qulayliklar yaratiladi. Shuningdek, jahon andozalariga mos yuqori servis xizmati ko‘rsatishga mo‘ljallangan VIP-zal rejalashtirilgan”, — deyiladi kompaniya axborotida.
Inshootning har ikki tomonida avto turargohlar barpo etiladi. Temiryo‘l kassalari bino tashqarisidan joy olgan bo‘lib, zamonaviy tarzda quriladi.
Shu kungacha bu yerdan faqat shaharlararo yo‘nalishlarda qatnovlar amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda bir qator mahalliy yo‘nalishlar “Toshkent–Janubiy” vokzalidan amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, bugungi kungacha O‘zbekistonda 17 ta yangi temir yo‘l vokzali barpo etildi va 8 ta vokzal qayta rekonstruktsiya qilindi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)