Yangi mavsumga tayyorgarlikni Shanxayda davom ettirayotgan “Shanxay SIPG” mahalliy “Sziadzing Botszi” klubiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi. Bu haqda “Sports.uz” nashri xabar berdi.
Bellashuv Villash-Boash boshchilik qilayotgan klubning 10:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Gollarning o‘ndan biriga O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov mualliflik qildi. U gol urguniga qadar shanxayliklar 1:0 hisobida oldinda borayotgandi.
Braziliyalik Xalk uchrashuvda o‘z hisobiga 2 ta gol yozib qo‘ygan. Qolgan legioner futbolchilar qanday natija qayd etganiga oydinlik kiritilmagan.Ma’lumot uchun, “Shanxay SIPG” bunga qadar Qatar yig‘inida ishtirok etgandi. Xitoy Super ligasida 2017-yilgi mavsum 4-mart kuni start oladi.
Qayd etish kerak, Odil Ahmedov jamoadoshlari mavsumni rasman 7-fevral kuni Osiyo chempionlar ligasi doirasida boshlaydi. Uning raqibi 31-yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan o‘tish bosqichi o‘yinidan keyin aniq bo‘ladi.
Izoh (0)