Barselonaning Mundo Deportivo nashri La liga birinchi davrasi yakuniga yetgach, Madridning “Real” va Kataloniyaning “Barselona” klublari ishtirokidagi o‘yinlarni tahlil qilib chiqdi, deb yozdi “Sports.ru”.
Nashrning aniqlik kiritishicha, birinchi davra davomida “Real” hakamlar xatosi sabab qo‘shimcha 8 ochko ishlab olgan bo‘lsa, “Barselona” 4 ochko yo‘qotgan. Qayd etish kerak, ayni vaqtda Madrid klubi ixtiyorida 1 ta zaxira o‘yini bor holatda raqibidan 2 ochkoga o‘zib ketgan.
“Selta”ga qarshi “Real”ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetgan o‘yinda hakamlar yaqqol ofsaydni payqamay qolgan va vaziyat Alvaro Morataning goli bilan yakun topgan. Xuddi shunday, Serxio Ramos “Malaga”ga qarshi 2:1 hisobi bilan tugagan o‘yinda gol urgan. “Espanyol” (2:0) va “Deportivo” (3:2) klublariga qarshi o‘yinlarda ham referilar “Qirollik klubi”ning foydasiga adashgan.
Hakamlar “Barselona”ning sakkiz uchrashuvida noto‘g‘ri qarorlar qabul qilgan va shularning uchtasida Kataloniya klubi ochko yo‘qotgan. “Selta”ga qarshi 3:4 hisobidagi mag‘lubiyatli uchrashuv davomida hakam Neymarga qarshi ishlatilgan qo‘pollik uchun penalti belgilashga jazm etmagan. 0:0 hisobi bilan yakuniga yetgan “Malaga”ga qarshi o‘yinda esa Pikening goli yanglish qaror sabab ofsayd sifatida baholangan. “Vilyarreal” bilan 1:1 hisobida yakuniga yetgan o‘yinda hakamlar “Barselona” foydasi uchun ishlashi kerak bo‘lgan 2 ta penalti bermagan. Har ikki safar “Vilyarreal” futbolchisi to‘pni jarima maydonchasi ichida qo‘li bilan o‘ynagandi.
Mundo Deportivo “Barselona” foydasiga ishlagan qarorni ham keltirgan. “Real Sosyedad”ga qarshi 1:1 hisobi bilan yakuniga yetgan o‘yinda hakamlar “Barselona” darvozasiga urilgan toza golni inobatga olmagan.
Nashr tahlilni to‘g‘ri olib borgan bo‘lib, ochkolar o‘rniga qaytarilganida, La Liga peshqadami “Real” emas, balki “Barselona” bo‘lishi ham mumkin edi.
Izoh (0)