O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “2017—2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror (pdf) imzoladi, deb yozadi UzDaily.
Davlat rahbari mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “O‘zshahar qurilish invest” respublika ixtisoslashtirilgan injiniring kompaniyasini tashkil etishni tasdiqladi.
“O‘zshahar qurilish invest”ning ustav kapitali 1 milliard so‘m miqdorida bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, “Ipoteka bank” ATIB, “O‘zmetkombinat” AJ, “Qizilqumsement” AJ va “O‘zbekinvest” milliy sug‘urta kompaniyasi mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi.
“O‘zshahar qurilish invest” IK zimmasiga arzon ko‘p kvartirali uylarni to‘liq tayyor holda foydalanishga topshirish sharti bilan qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha shartnoma asosida buyurtmachi funksiyalarini, shu jumladan moliyalashtirishni tashkil qilish va qurilishning borishi ustidan texnik nazoratni amalga oshirish, keyinchalik qurilgan arzon ko‘p kvartirali uylarni beriladigan imtiyozli ipoteka kreditlari hisobiga aholiga sotish uchun “Ipoteka bank” ATIBga topshirish vazifasi yuklanadi.
Izoh (0)