Amirlik yig‘inida bo‘lib turgan Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi bugun — 20-yanvar sanasida Sankt-Peterburgning “Zenit” klubiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etadi. Bu haqda “temiryo‘lchilar” matbuot xizmati xabar berdi.
Bellashuv Dubay shahridagi Jabel Ali stadionida o‘tadi. Rejaga ko‘ra u Toshkent vaqti bilan 17:00 da start oladi.
“Lokomotiv” O‘zbekistonning amaldagi chempioni va kubogi sohibi hisoblanadi. Mirko Yelichich boshqaruvidagi jamoa Osiyo chempionlar ligasi turniri uchun tayyorgarlikni davom ettirmoqda. “Zenit” esa yakuniga yetgan 17 ta turdan so‘ng Rossiya Premyer-ligasida 2-o‘rinni egallab turibdi. Mircha Luchesku shogirdlari peshqadam — Moskvaning “Spartak” klubidan 5 ochko ortda qolmoqda.
“Zenit” avvalroq o‘zbekistonlik futbolchi Anzur Ismoilov to‘p suradigan Xitoyning “Chanchun Yatai” klubiga qarshi saf tortib, 5:2 hisobida zafar quchgandi. O‘yinda hisobni ochib bergan golga aynan Anzur Ismoilov mualliflik qilgan.
Ma’lumot uchun, “Zenit”ga qarshi o‘yin oldidan “Lokomotiv” asosiy tarkibning besh nafar futbolchisi bilan xayrlashib ulgurgandi. Nemanya Yanichich va Artur Gevorkyan bilan shartnoma uzaytirilmagan bo‘lsa, Server Jeparov Eronning “Istiqlol” klubi bilan kelishuvga erishdi. Qatarning “As-Sayliya” klubi esa Temurxo‘ja Abduxoliqov va Sanjar Shoahmedovni olib ketdi.
Izoh (0)