O‘zbekiston va Armaniston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi 12-fevral kuni o‘tishi rejalashtirilgan bellashuv bekor qilindi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
JCh—2018 yo‘lida kurash olib borayotgan O‘zbekiston termasi Turkiyaning Antaliya shahrida Armanistonga qarshi maydonga tushishni rejalashtirib qo‘ygandi. O‘yin 9—13-fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan Turkiya yig‘ini doirasida o‘tishi kerak edi.
Biroq armanistonliklar Turkiyaga bormaslikka qaror qildi va buni Turkiyadagi beqaror vaziyat bilan izohladi. Reja o‘zgargach, Armaniston futbol fedaratsiyasi O‘FFga maktub yo‘llab, noqulaylik uchun uzr so‘ragan.
Turkiyadagi beqaror vaziyat O‘FF rejalariga ham o‘zgartirish kiritadimi yoki yo‘q, aniqlik kiritilmagan. Samvel Babayan saralab olgan va legionerlardan holi bo‘lgan tarkib 21—24-yanvar kunlari Amirlik yig‘inida ishtirok etadi. Uning doirasida 22-yanvar kuni Daniya U23, 23-yanvar kuni esa Gruziya termalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari rejalashtirilgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh—2018 yo‘lidagi navbatdagi uchrashuvi 23-mart kuni Suriyaga qarshi bo‘lib o‘tadi. Tomonlarning Toshkentga kechgan uchrashuvida o‘zbekistonliklar 1:0 hisobida zafar quchgandi.
Izoh (0)