Bugungi kunda tabiiylik trendda, shuning uchun kipriklarni sun’iy qalinlashtirish jarayonini ko‘pchilik 2000-yillarning sun’iy go‘zallik vositalari sifatida baholaydi. Shunga qaramasdan, oxirgi o‘n yilda texnologiyalar ancha ilgariladi va endi ulangan kipriklarni payqash oson emas.
Xo‘sh, kipriklarni sun’iy qalinlashtirish kerakmi yoki yo‘q? Keling, bu jarayonning afzalliklari va kamchiliklarini o‘rganib chiqamiz.
“Plyuslari”
- Qulaylik
Kipriklaringizni bir marta qalinlashtirish orqali bir oy-bir yarim oyga tush nima ekanligini unutishingiz mumkin. Ular har qanday sharoitda: dam olish, sportzal yoki bazm kechasida ham ajoyib ko‘rinishga ega bo‘ladi.
- Vaqtni tejash
Ertalabki shoshilinchda har bitta kiprigingizni bo‘yash uchun uzoq vaqt sarflamaysiz. Ularni faqat yengil tarab qo‘yish uchun maxsus cho‘tkacha kerak bo‘lishi mumkin, xolos.
- Tabiiy go‘zallik
To‘g‘ri uzunlikda va hajmda tanlangan kipriklar qarashlaringizga ifoda bag‘ishlaydi, shuningdek, ko‘zlaringizning tabiiy chiroyiga urg‘u beradi.
“Minuslari”
- Makiyajni tozalash
Afsuski, bunday kipriklar bilan makiyajni odatdagidek tozalash jarayonini qaytadan ko‘rib chiqishingizga to‘g‘ri keladi. Kosmetologlar tavsiya etadigan mitsellyar suv yordamida ko‘z atrofiga tekkizmasdan yuzingizning qolgan joylaridagi pardozni tozalashingiz mumkin. Yuvinish uchun muss va ko‘pikli vositalar qat’iy taqiqlanadi.
- Uyqu
Kimdir tuni bilan bir xil holatda uxlashga harakat qiladi, shunga qaramasdan tongda biroz g‘ijim bo‘lgan kipriklar bilan turadi. Boshqalar esa aksincha uxlash holatini qanchalik ko‘p o‘zgartirmasin, kipriklari o‘z shaklini saqlab qoladi. Barchasi vaziyatga bog‘liq.
- Moliyaviy masala
Kipriklarni sun’iy qalinlashtirishning o‘rtacha bahosi 150 mingdan 300 ming so‘mgacha bo‘lib, ularni har uch haftada tekislatib turish uchun 30—40 ming sarflashingizga to‘g‘ri keladi. Agar qo‘shimcha xarajatlarga tayyor bo‘lsangiz, unda ishonchli go‘zallik saloniga navbatga yoziling.
Izoh (0)