Futbol bo‘yicha Italiya A seriyasida 20-tur bellashuvlariga to‘liq yakun yasaldi. Peshqadam “Yuventus”ning mag‘lubiyati bilan yodda qolgan tur Turinning boshqa bir klubi — “Torino” ishtirokidagi o‘yin bilan o‘z yakuniga yetdi.
“Torino” va “Milan” Italiya kubogining 1/8 finalida ham o‘zaro to‘qnash kelgan bo‘lib, uchrashuvda milanliklar so‘nggi daqiqalardagi 2 ta gol evaziga irodali g‘alabani qo‘lga kiritgandi. Chempionat doirasidagi o‘yinda esa kuchlar teng keldi 2:2.
Turinliklar 2 ta gol farqi bilan oldinga chiqib olgach, penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi. Ammo milanliklar posboni Janluidji Donnarumma zarbani qaytarib, jamoasini qutqarib qoldi. Ruhiyati ko‘tarilgan Montella shogrdlari ikkinchi bo‘limda hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Tomonlarning Milan shahrida o‘tgan o‘yini mezbonlarning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetgan edi.
Qo‘lga kiritilgan 1 ochko “Milan”ni turnir jadvalida 5-o‘ringa olib chiqdi. Jamoa Rimning “Latsio” klubiga yetib olishi uchun qoldirilgan o‘yinda “Bolonya”ni taslim qilishi kerak bo‘ladi. Bellashuv 8-fevral kuni o‘tkaziladi.
A seriya peshqadami bo‘lib turgan “Yuventus” o‘zining yangi logotipini namoyish qildi. Klub prezidenti Andrea Anyellining so‘zlariga ko‘ra, jamoa bozor talabi qanday ekanidan kelib chiqib, yangi logoga asos solgan. Bu esa kamida 1 yil vaqtni olgan.
Italiya A seriyasi 20-tur uchrashuvi 16-yanvar, dushanba
Izoh (0)