Toshkentning “Paxtakor” klubi a’zosi Jamshid Iskandarovning xizmati bilan Xitoy klubi qiziqqan. Bu haqda o‘zbekistonlik futbol agenti San’at Sharipov Twitter sahifasida aytib o‘tgan.
Sharipov bunda Xitoydagi o‘z manbalariga suyangan. Agentning qayd etishicha, xitoyliklarga Jamshid Iskandarovning narxi 5 million AQSh dollari ekani aytilgan. Bunda Super liganing aynan qaysi klubi o‘zbekistonlik futbolchiga qiziqish bildirganiga oydinlik kiritilmagan.
Qayd etish kerak, Xitoyning “Shanxay SIPG” futbol klubi O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedovni 7 million yevro evaziga qo‘lga kiritgandi. U 2011-yilgi mavsum “Paxtakor”dan Rossiyaning “Anji” klubi safiga 1,7 million yevro evaziga borib qo‘shilgani taxmin qilingandi.
Xitoy klublari safida bunga qadar “Paxtakor”ning 10 ga yaqin futbolchilari to‘p surgan bo‘lib, ular orasidan Kamoliddin Tojiyev va Yegor Krimetsning faoliyatigina nisbatan qoniqarli bo‘lgan. Qolganlari esa 1 yilga qolmay, ortga qaytib kelgan.
Izoh (0)