Futbol bo‘yicha Ispaniya kubogining chorak final bellashuvlariga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra chempionlik uchun da’vogar sifatida e’tirof etilayotgan uch klub bir-biri bilan to‘qnash kelmadi.
“Atletiko” yarim final masalasini hal qilish uchun “Eybar”ga qarshi saf tortadi. Tomonlar shu yilning 7-yanvar kuni La liga 17-turida duch kelgan bo‘lib, “Eybar” maydonida kechgan o‘yinda “Atletiko” 2:0 hisobida zafar quchgandi.
Ispaniya kubogining amaldagi egasi hisoblangan “Barselona” “Real Sosyedad” bilan raqib bo‘ldi. La liga 13-turida Luis Enrike jamoasi San-Sebastyanga tashrif buyurgan va 1:1 hisobiga imzo chekkandi. O‘sha uchrashuvdan keyin “Barselona” bosh murabbiyi uning jamoasini “Real Sosyedad” bilan almashtirib qo‘yilgandek taassurot qoldirganiga iqror bo‘lgandi.
Madridning “Real” klubi “Selta”ni mag‘lub etsa, o‘zi uchun yarim final eshiklarini ochadi. Bu jamoalar mavsumning 2-turida to‘qnash kelgan bo‘lib, “Santyago Bernabeu”da “Real” raqibini 2:1 hisobida taslim qilgandi.
Juftliklar orasida eng kuchsizi — “Deportivo” — “Alkorkon”. Chorak finalga qadar yetib kelgan jamoalar orasidan faqatgina “Deportivo” quyi liga vakiliga qarshi kurash olib boradi.
Chorak final bellashuvlari 17—19-yanvar va 24—26-yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi.
Ispaniya kubogi1/4 final
“Real Sosyedad” — “Barselona”“Alkorkon” — “Deportivo”“Atletiko” — “Eybar”“Selta” — “Real Madrid”
Izoh (0)