Litvalik jurnalistlar Shvetsiyaning SEB banki mahalliy bo‘linmasida Ukraina sobiq bosh vaziri Pavel Lazarenkoga tegishli 30 million dollar muzlatib qo‘yilgan hisob raqami mavjudligini aniqladi. Bu haqda “15min.lt” xabar bermoqda.
Nashrga ko‘ra, 17 yil davomida Litva sudlari har bir necha oy davomida mazkur mablag‘ muzlatilishi muddatini uzaytirib kelmoqda. Tekshiruv o‘tkazgan jurnalistlar ushbu summa 2004-yilda Lazarenkoning bir necha mamlakatlardagi hisob raqamlarida muzlatilgan 200—250 million dollar mablag‘ining bir qismi deb hisoblamoqda.
Litvada aniqlangan hisob raqami sobiq bosh vazirning tugatilgan European Federal Credit Bank bankiga tegishli ekanligi ta’kidlanmoqda. SEB mijozlari haqidagi ma’lumotni oshkor etishdan bosh tortdi, biroq huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilinayotganini bildirdi.
1996—1997-yillarda Ukraina hukumati rahbari bo‘lgan Lazarenko o‘z vatanida jinoiy javobgarlikka tortilishidan xavfsiragani uchun hozirgi kunda AQShda istiqomat qiladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)