Donbassdagi Boeing qulagan joyda haligacha ko‘plab samolyot parchalari va, ehtimol, jasadlar qoldiqlari bor. Bu haqda Donbassda bo‘lib qaytgan gollandiyalik jurnalist Stefan Bek ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Jurnalistning Donbassga tashrifdan ko‘zlagan maqsadi hududdagi odamlar nizo tufayli qanday azob chekayotgani, ularning Ukraina, Rossiya, Donbassga munosabatini ko‘rsatib berishdan iborat bo‘lgan. Safarning so‘nggi kunidagina u mahalliy jurnalistlar bilan birga halokat joyiga borgan va hayratlanarli manzaraga guvoh bo‘lgan. “Butun hudud hech qachon diqqat bilan tekshirilib, titib chiqilganga o‘xshamadi, chunki har joydan samolyot bo‘laklarini topish mumkin edi”, — dedi Bek.
“Bu parchalar hech yig‘ib olinmagan edi. Bundan tashqari, tergov inson qoldiqlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan materiallarni ham qoldirib ketgan edi”, — deya qo‘shib qo‘ydi u.
Bek hamkasbi bilan materiallarning bir qismini Gollandiyaga olib ketib, mustaqil tekshiruv olib borishga qaror qilgan, ammo mamlakatga kelgach, politsiya ulardan barcha materiallarni, shuningdek, kameralar, xotira kartalari, telefonlar va noutbuklarni olib qo‘ygan.
Jurnalist Donbassda o‘zi intervyu olgan odamlar taqdiridan xavotirda ekanligini, chunki videoyozuvlar orqali ularning shaxsini aniqlash mumkinligini aytdi.
Izoh (0)