Server Jeparov
Kunning eng muhim yangiligi O‘zbekiston milliy terma jamoasi vitse-sardori Server Jeparovning Eronga yo‘l olishi mumkinligi bo‘lib turibdi.2016-yilgi mavsumni Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubida o‘tkazgan Server Jeparov Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni kabi chempionatlarda to‘p surgan va har ikkisida ham mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. Uning Eronga yo‘l olishi mumkinligi haqida futbol agenti San’at Sharipov Twitter sahifasi orqali ma’lumot berdi.
Eronning “Istiqlol” klubi yaqin soatlar ichida Server Jeparovga 1,5 yillik shartnoma taklif qilishi mumkin, deb yozgan San’at Sharipov. Bu yangilikni hozirga qadar “Lokomotiv” ham, futbolchining o‘zi ham tasdiqlaganicha yo‘q.
Anzur Ismoilov
Xitoyning “Chanchun Yatai” futbol klubida to‘p surayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Anzur Ismoilov jamoasi bilan Amirliklarda bo‘lib turibdi. Kecha — 9-yanvar kuni “Chanchun Yatai” Germaniya Bundesligasi vakili “Ayntraxt”ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi va 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.Ayni vaqtda “Ayntraxt” a’zosi hisoblangan Sabolch Xusti o‘z vaqtida “Chanchun Yatai” safida to‘p surgandi, deb yozdi “Championat.asia”. O‘rtoqlik o‘yini vaqtida Anzur Ismoilov sobiq jamoadoshi bilan ko‘rishgan.
Shavkat Salomov
Faoliyatini Malayziyada davom ettirishga yaqin turgan Shavkat Salomov “Buxoro” klubining 2016-yilgi mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Klub sayti o‘tkazgan so‘rovnomada 1628 nafar muxlis ishtirok etgan.Salomov eng yaxshi bo‘lish uchun ovozlarning 19 foiziga ega chiqqan. Jamoa to‘purari Aziz Ibragimov esa 12 foiz ovoz bilan ikkinchi bo‘lgan. Ovozlarning 5 dan 1 qismini ham olmay eng yaxshi bo‘lish shunchaki ajoyib. Bunday rang-baranglikni boshqa klublarda kuzatish qiyin.
“Boshpana izlab”
“Championat.asia” nashri ma’lumotiga ko‘ra, Temur Hakimov va Alisher Shog‘ulomov erkin agentga aylandi.Temur Hakimov 1994-yilda tug‘ilgan futbolchilar terma jamoasida paydo bo‘lib, Meksika qahramoni bo‘lgan va pul yutuqlari, Spark avtomashinasi bilan taqdirlangan, ko‘kka ko‘tarilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay futbolchi O‘zbekiston oliy ligasi klublariga ham kerak emas. Yo‘qsa yetakchi jamoalar uni bir necha yillik shartnoma bilan o‘z safiga qo‘shib olardi.
Alisher Shog‘ulomov ham 1994-yilda tug‘ilgan. Ammo Meksikaga boradigan futbolchilar orasiga kiritilmagan.
Har ikki futbolchi 2016-yilgi mavsumni Toshkentning “Obod” klubida yakunlagandi. Ibtido esa boshqa jamoalar bilan bog‘langan. Hakimov “So‘g‘diyona”da, Shog‘ulomov “Andijon”da start olgandi. Temur mavsum davomida 19 ta o‘yinda ishtirok etdi va 1 ta gol urdi. Alisher esa 22 ta o‘yinda shuncha gol urdi.
Ma’lumot uchun, har ikki futbolchi ham hujum chizig‘ida to‘p suradi. Suratda ular kelasi mavsumda kamida nechta gol urishiga shama qilayotgandek.
“Olmaliq”
Bosh murabbiy Viktor Kumikov belaruslik Vladislav Kasmin bilan shartnoma tuzilgani haqida aytib o‘tdi. Uning qanchaga mo‘ljallangani va aynan nimasi yoqib qolganiga aniqlik kiritilmagan. U haqdagi ma’lumotdan ham, shartnoma tuzilgani ham klub rasmiy saytida ko‘rinish bermagan.“Olmaliq” qishki yig‘inni Turkiyaning Antaliya shahrida olib boradi. Avvalroq klubni Igor Shkvirin boshqarib borayotganida futbolchilardan qarzdorlik borligi haqida xabar paydo bo‘lgandi. Keyinroq esa klub safida 9 yil ishlagan Igor Shkviringa 300 ming so‘m qarzi borligi aytilgandi. Antaliya safari xarajatlariga shu pul ham qo‘shilganmi yoki yo‘q, oydinlik kiritilmagan.
Kumikov Antaliyada Shveysariya, Rossiya va Ukraina klublari bilan o‘yin bo‘lib o‘tishiga ishontirdi. Raqiblarning “Vil—1990”, “Sibir”, “Karpati” ekani esa nomlari keltirilgan mamlakatlar fonida xiralashib qoldi.
“Bunyodkor”
Amirliklarda bo‘lib turgan “Bunyodkor” o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun yaxshi raqiblar topgan. Klub sayti yig‘indan fotosuratlar taqdim etdi.Kimgadir berilgan shuncha soch...
Kimdir esa undan mosuvo...
Izoh (0)