6-yanvar kuni Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimiyatida Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Yerik Utembayevning O‘zbekiston TIV maxsus topshiriqlar bo‘yicha vakili Ilhom Ne’matov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkentni Qozog‘istonning Maqtaorol tumani orqali Samarqand bilan bog‘laydigan M-39 avtoyo‘li 887,8−911,9 kilometrlari qayta ochilishi muhokama qilindi. Bu haqda Janubiy Qozog‘iston viloyat hokimiyati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bundan tashqari, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yaxshilash va yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda, shuningdek, Qozog‘iston bosh vazirining investitsiyalar va rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari Roman Sklyar va viloyat hokimi Janseit Tuymebayev ishtirok etdi. Hokim oliy martabali mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, ishchi guruh faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Uchrashuvda, yangilangan avtoyo‘l uchastkasini foydalanishga topshirishdan tashqari, ushbu uchastkada o‘tkazish punktini qurish masalasi muhokama qilindi.
Yo‘l ekspluatatsiyaga topshirilgach, toshkentliklar undan foydalanib, Samarqandga tezroq borishi mumkin bo‘ladi. Hozirda Samarqandga Jizzaxdan o‘tadigan aylanma yo‘l orqali borish talab etiladi, bu esa masofani bir qadar uzoqlashtiradi.
Rekonstruksiya ishlari fevralda yakunlanishi kutilmoqda.
M-39 avtoyo‘li 2006-yili yopilgan edi.
Izoh (0)