Yangi — 2017-yilgi mavsum uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston klublari o‘z safini yangi futbolchilar bilan to‘ldirishda davom etadi.
“Bunyodkor” — in
O‘tgan mavsumni “Buxoro” klubi safida o‘tkazgan moldovalik Vadim Chemirtan “Bunyodkor” bilan shartnomaga imzo chekdi. Bu haqda ma’lumot bergan klub matbuot xizmati, shartnomaning qanchaga mo‘ljallanganiga oydinlik kiritmadi.Avvalroq “Buxoro” klubi muxlislari Vadim Chemirtanning qolishini so‘rab murojaat qilgani, moldovalik futbolchi esa oilasini boqish uchun Toshkentga ko‘chib o‘tgani haqida xabar chiqqandi.
“Bunyodkor” bosh direktori Baxtiyor Boboyev esa 2016-yil jamoa safida to‘p surgan legioner futbolchilardan hafsalasi pir bo‘lgani haqida aytib, ularning barchasiga javob berilganini ta’kidlagandi. Vadim Chemirtan o‘sha fikrlardan keyingi birinchi bitim bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, “Buxoro”ga qadar asosan Moldova klublari sharafini himoya qilgan Vadim Chemirtan hujum chizig‘ida to‘p suradi va bu yil 30 yoshni qarshi oladi.
“Bunyodkor” — out
Jamoa sharafini so‘nggi 6 yildan buyon himoya qilib kelayotgan va 2016-yilgi mavsumni sardor sifatida o‘tkazgan Akmal Shorahmedov qaldirg‘ochlar bilan xayrlashdi.O‘z vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sharafini himoya qilgan o‘ng qanot himoyachisi faoliyatini Qarshining “Nasaf” klubida davom ettiradi. Buni futbolchining o‘zi ham, “Nasaf” ham tan olib bo‘ldi.
Akmal Shorahmedov “Bunyodkor”ni nima sababdan tark etganiga oydinlik kiritmagan. Bu futbolchining qarorimi yoki bosh murabbiy Sergey Lushchanning — ochiqlanmagan. Avvalroq darvozabon Akbar To‘rayev “Olmaliq” safiga ketib qolgandi.
Ma’lumot uchun, “Nasaf” o‘zining qanot himoyachisi bo‘lgan Shuhrat Muhammadiyevni “Lokomotiv”ga boy berib qo‘ygandi. Uning o‘rni esa Akmal Shorahmedov bilan to‘ldirildi. Endilikda jamoa Fozil Musayev va Azamat Allaniyazovga ham o‘rinbosar topishi kerak. Allaniyazov katta ehtimol bilan faoliyatini “Qizilqum”da davom ettiradi. Musayev esa Yaponiyaning “Jubilo Ivata” klubi bilan shartnoma tuzgandi.
Ma’lumot uchun, “Nasaf”ning yangi vakili Akmal Shorahmedov 30 yoshda. U “Bunyodkor”ga qadar “So‘g‘diyona”, “Navbahor”, “Andijon” kabi klublar sharafini himoya qilgan.
Qishki yig‘inlar
Mavsumni hammadan barvaqtroq boshlaydigan ikki klub — “Nasaf” va “Bunyodkor” xorij yig‘iniga jo‘nab ketdi. Bu borada “Nasaf” Turkiya, “Bunyodkor” BAA variantini afzal bildi. Toshkent klubi Sharja shahrida 21-yanvarga qadar mashg‘ulot olib boradi. Qarshi klubining Antaliyadagi yig‘ini esa ikki haftaga mo‘ljallangan.“Nasaf” Osiyo chempionlar ligasining pley-offi doirasida 31-yanvar kuni Qarshida Bahraynning “Al-Hidd” klubini qabul qiladi. Mazkur uchrashuvni o‘z foydasiga hal qila olsa, 7-fevral kuni Saudiyada “Al-Fotih” klubi bilan to‘qnash keladi.
“Bunyodkor” esa bir yo‘la 7-fevral kuni maydonga tushadi. O‘zbekiston vitse-chempioni Qatarda Sardor Rashidov to‘p surayotgan “Al-Jaish” bilan to‘qnash keladi.
Toshkentning “Lokomotiv” klubi ham “Bunyodkor” kabi BAAda yig‘in o‘tkazadi. “Temiryo‘lchilar”ning 1 ta raqibi allqachon ma’lum. 20-yanvar kuni Mirko Yelichich jamoasi Sankt-Peterburgning “Zenit” klubi bilan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. “Zenit” 16-yanvar kuni o‘zbekistonlik futbolchi Anzur Ismoilov harakat qiladigan “Chanchun Yatai” klubi bilan ham bellashadi.
“Lokomotiv”ning so‘nggi ikki xaridi bilan shu havolada tanishish mumkin. Jamoa Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichidagi ilk uchrashuvini 20-fevral kuni Saudiyada “Al-Tavun” klubiga qarshi o‘tkazadi.
Izoh (0)