Amerikaning Faraday Future kompaniyasi 4-yanvar kuni o‘zining yangi elektrokari — haydovchisiz boshqariluvchi funksiyalarga ega FF91 yo‘ltanlamasi taqdimotini o‘tkazdi, deb yozadi TJournal.
Biroq taqdimot vaqtida sahnadagi mashina noma’lum sabablarga ko‘ra mustaqil parkovka qilish kabi buyruqni bajarmadi.
Tesla‘ning raqobatchisi bo‘lishi kutilayotgan avtomobil Las-Vegasdagi ko‘rgazmalar zalida tadbir boshlangandan taxminan bir soat o‘tib paydo bo‘ldi. Uni smartfonlar ishlab chiqaruvchi LeEco kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Szya Yuetin haydab keldi. U Faraday Future’ning asosiy investorlaridan biridir.
Yuetin mashinadan tushganda Faraday Future’ning ishlanmalar bo‘yicha vitse-prezidenti Nik Sempson unga avtomobilning avtomatik parkovka funksiyasidan foydalanishni taklif qildi. Investor mashina eshigidagi tugmani bosdi, biroq hech narsa yuz bermadi.
Bir necha soniyalik jimlikdan so‘ng Sempson “Bugun u erinchoqlik qilayotgan ko‘rinadi” dedi. Keyinroq, Yuetinning nutqidan so‘ng, Sempson mashinaning haydovchisiz boshqariladigan funksiyasini yana faollashtirishga urinib ko‘rdi. Buning uchun zaldagi chiroqlarni ham pasaytirishdi, biroq FF91 buyruqni yana bajarmadi.
Taqdimotdan so‘ng Sempson muammo zal tomi bilan bog‘liqligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga qaraganda, tomning murakkab tuzilishi haydovchisiz boshqarish funksiyasi ishlashi uchun zarur bo‘lgan signalni o‘ziga yutgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)