Bugun — 6-yanvar kuni Milliy olimpiya qo‘mitasining XXX bosh assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib, unga ko‘ra “O‘zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi raisi Alisher Sultonov tashkilot prezidenti lavozimiga saylangandi.
MOQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, assambleyaga O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ham tashrif buyurgan. Yig‘ilishda sport federatsiyalari va taniqli sportchilar taklifiga ko‘ra, Mirabror Usmonov Milliy olimpiya qo‘mitasining faxriy prezidenti etib tayinlangan. O‘z navbatida o‘tgan davr mobaynida qo‘mitaga rahbarlik qilgan Mirabror Usmonovga butun sport jamoatchiligi va olimpiya harakati ishtirokchilari nomidan minnatdorchilik izhor etilgan.
MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov hisobotida 2013—2016-yillar davomida MOQ xarajatlari 46,5 million AQSh dollarini tashkil qilgani aytilgan. Bu mablag‘ O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishi to‘g‘risida” 2013-yil 25-fevraldagi 1923-sonli qarori asosida qilingan ishlar va qo‘lga kiritilgan yutuqlar uchun sarf etilgan.
Mirabror Usmonov Rio—2016 Olimpiadasi sikli boshlangan bir vaqtda MOQ prezidenti etib tayinlangan bo‘lib, uning rahbarligida O‘zbekiston delegatsiyasi Olimpiadalar tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etgandi.
Izoh (0)