Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQShning yangi sanksiyalariga mos javob berilishini va’da qildi, deb yozadi “Vedomosti”.
“Shubhasiz, mos va o‘zarolik tamoyiliga asoslangan reaksiya Amerika tomoni uchun xuddi shu sohalarda sezilarli noqulayliklarni keltirib chiqaradi”, — dedi Peskov jurnalistlarga “bu yerda hech qanday shoshqaloqlik yo‘q”ligini ta’kidlar ekan.
Peskov yangi sanksiyalarni AQSh prezidenti Barak Obamaning shaxsan o‘zi ma’qullagani yuzasidan afsus bildirdi va Rossiya ularni “xalqaro huquq nuqtai nazaridan asossiz va noqonuniy” deb hisoblashini takrorladi.
Putinning matbuot kotibi so‘zlariga ko‘ra, AQShning amaldagi ma’muriyati ikki maqsadni ko‘zlamoqda, bular — shundoq ham yaxshi bo‘lmagan Rossiya—AQSh munosabatlariga putur yetkazish hamda AQShning bo‘lg‘usi ma’muriyati va yangi prezidentining tashqi siyosiy rejalariga zarba berish.
Peskov AQShning yangi sanksiyalari ikki mamlakat aloqalarining yanada past darajaga o‘tishini bildirishini tasdiqladi.
Izoh (0)