Hindistonning Meratx shahrida yashovchi ayol bosh vazir Narendra Modidan xatolik tufayli uning bank hisobiga tushgan milliard rupiyani (14,6 million dollardan ortiq) nima qilishni so‘radi. Bu haqda 27-dekabr, seshanba kuni The Financial Express nashri ma’lum qildi.
Shital Yadav fabrikaning qadoqlash bo‘limida ishlaydi va oyiga besh ming rupiya maosh oladi. 18-dekabr kuni u o‘z bank kartasidan pul yechayotganda hisobida milliard rupiya borligini bilib qoldi. Ayol ko‘zlariga ishonmasdan bankomatda navbatda turgan qo‘shnisidan katta raqamlarni o‘qib berishni iltimos qildi. U kartada shuncha pul borligini tasdiqladi. Yadav boshqa bankomat topdi, biroq bunisi ham shu summani ko‘rsatdi.
Ayol bankka murojaat qildi. Ikki kun davomida uning shikoyatini qabul qilishni rad etishdi. Shundan so‘ng Yadav turmush o‘rtog‘i bilan hukumat rahbariga murojaat qilishga qaror qildi. Ular bu pullar o‘ziga tegishli bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidlamoqda. Milliard rupiya 50 ming rupiyadan ortiq mablag‘ saqlash mumkin bo‘lmagan hisobga tushganligi ham xatolikdan dalolat beradi. Ayol Modidan muammoni hal qilishga yordam berishni so‘radi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)