Yulduz futbolchilarning Xitoyga tashrifi odatiy tusga aylanib qoldi.
Ayni vaqtda ham Super Liga klublari Ueyn Runi uchun haftasiga 700 ming yevro to‘lashga tayyor. Aleksis Sanches, Jon Terri kabi futbolchilar ham Chin o‘lkasiga tashrif buyurish borasida bosh qotira boshlagan.
Endilikda Xitoy hukumati angliyalik mashhur referi, 2016-yil yakunlariga ko‘ra dunyoning eng yaxshi hakami deb topilgan Mark Klattenburgga taklif bilan chiqdi, deb yozdi Mirror nashri.
Bunda Klattenburgga qancha va’da qilingani aytilmagan. Uning tashrifidan maqsad Xitoy futbolidagi korrupsiyani kamaytirish, kelishilgan o‘yinlarga chek qo‘yish va Xitoyning katta futbol mamlakatiga aylantirishda hamkorlik qilishdan iborat ekani aytilgan.
Avvalroq Xitoy hukumati Zlatan Ibrahimovichning mamlakatga tashrifi uchun yiliga 120 million yevro to‘lashga roziligi haqida aytib, jahon futboli jamoatchiligini larzaga keltirgandi.
Ma’lumot uchun, Mark Klattenburg 2016-yil davomida 3 ta yirik finallarni boshqardi: Angliya Liga Kubogi, Yevropa Chempionlar Ligasi va Yevro—2016.
Izoh (0)