“O‘zstandart” agentligi tomonidan “O‘zdavenergonazorat” DI bilan birgalikda Maishiy iste’molchilarning elektr energiyasini hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanib, mos ravishda 2736 son bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatga olindi. Bu haqda “O‘zstandart” matbuot xizmati ma’lum qildi.
Nizomning asosiy vazifasi — qiyoslashni tashkillashtirish va o‘tkazish jarayonini optimallashtirish, uni iste’molchi uchun soddaroq va qulayroq qilish. Elektr energiyasini hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha yangi qoidalar mulkdorni instansiyalarga ortiqcha qatnashdan ozod etadi, bu majburiyatlarni mutaxassislar — tuman elektr ta’minoti korxonalarining vakillari o‘z zimmasiga oladi.
Hujjatga asosan, elektr ta’minoti tashkiloti elektr energiya hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish uchun javobgar hisoblanadi. Biroq mulkdorlar hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazishga to‘sqinlik qilmasdan, aksincha, uni samarali o‘tkazish uchun barcha sharoitlarni yaratishi kerak.
Qiyoslash elektr ta’minoti tashkilotining tashabbusiga ko‘ra amalga oshirilgan hollar ham bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda qiyoslashni o‘tkazish uchun barcha xarajatlarni u o‘z zimmasiga oladi, pribor mulkdori tomonidan qoida buzilishi yuzaga kelgan hollar bundan mustasno.
Izoh (0)