Barcha yangiliklar aslida unutilgan eski narsalardir. Bu fikr moda olami uchun ayniqsa mos tushadi. Unutilgan tendensiyalar necha marta yana takrorlanganligini eslab ko‘ring. Retro uslubni aynan uning aktualligi, yengilligi uchun xush ko‘rishadi. Bunday liboslar doim urfda sanaladi.
Biroq retro uslubni his qilish uchun shuni anglash lozimki, retro bu faqat tufli bilan uyg‘un o‘tmish libosi emas. Retro uslub bu — soch turmagi, makiyaj, aksessuarlar, va albatta, yaxshi kayfiyatdir.
Djinsi yoki yubka kiygan retro uslubidagi xonimni tasavvur qilish qiyin. Bunda sizga ko‘ylak yordamga keladi. Bunday ko‘ylak albatta nafis bo‘lib, bel qismiga urg‘u berishi lozim.
Soch turmagiga kelsak, Bridjit Bordo yoki Odri Xepbyornning latofatli turmaklari ko‘z oldimizga keladi. Retro turmaklar bu — gajaklar, yuqoridan yig‘ib qo‘yilgan sochlar va o‘rimlardir. Hozirgi kun mashhurlari orasida Dita fon Tizning uslubi zamonaviy retro-shikning yorqin timsoli bo‘la oladi.
Bu uslub uchun 60-yillarning ko‘rkam makiyaji mos tushadi. Ko‘zning tashqi burchagiga chizilgan uzun chiziqlar, tabiiy rangli lab bo‘yog‘i va qalin kipriklar o‘sha davr ayollariga xos pardozdir.
Retro uslubdagi obraz yaratishning eng oddiy usullaridan biri davrga xos aksessuar qo‘shishdir. Birgina ko‘zoynak yordamida tashqi ko‘rinishingizni tubdan o‘zgartirishingiz mumkin. Bu Jaklin Kennedi uslubidagi katta ko‘zoynak bo‘lishi mumkin.
Hozirgi vaqtda shlyapadagi ayolni uchratish mushkul. Biroq aynan shlyapa yordamida ommadan ajralib, betakror uslubni yaratish mumkin. Qolaversa, ushbu mavsumda ular har qachongidan ko‘ra ham aktualroq. Retro uslubni bashang bosh kiyim yordamida yaratishdan oson ish yo‘q.
Retro sumka tanlashda yo yelkadagi sumka, yoki klatch bilan kifoyalanish kerak. Aksessuar libos va oyoq kiyimga mos bo‘lishi va e’tiborni o‘ziga jalb etmasligi zarur.
Taqinchoqlar obrazingizni to‘ldirishga yordam beradi. Ushbu holatda marvaridli taqinchoqqa e’tibor qaratishni tavsiya etamiz. Ular kundalik obraz bilan bir qatorda, bayram oqshomlari uchun ham mos tushadi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.