Xitoy Futbol Federatsiyasi mamlakat Super Ligasida to‘p suruvchi legionerlar sonini kamaytirish uchun harakat boshladi, deb xabar berdi “Sports.ru”.
Goal nashriga asoslanilishicha, Xitoy osiyolik bo‘lmagan xorijiy futbolchilar sonini 1 ta jamoada maksimum 3 nafar qilib belgilamoqchi. Bunga qadar esa Super Liga klublari 5 nafar xorijlik futbolchini mamlaktaga olib kelishi mumkin edi. Sharti — ulardan biri osiyolik bo‘lishi kerak.
Osiyo Chempionlar Ligasida legioner futbolchilar 3+1 ko‘rinishida ro‘yxatga olinadi. Ya’ni, 3 nafar xorijiy va 1 nafar osiyolik futbolchi. Xitoy ham aynan shu yo‘ldan borish niyatida.
Xitoy Super Ligasida 2000-yilga qadar ham xorijiy futbolchilarga nisbatan cheklov 3 ta bo‘lgan, keyin esa 1 ta qo‘shimcha kvota berilgan. Qayd etish kerak, O‘zbekiston Oliy Ligasi ham OFK belgilab qo‘ygan 3+1 limitini afzal bilgan.
Ayni vaqtda Xitoy Super Ligasining ikki klubi osiyolik futbolchi xizmatidan foydalanishda o‘zbekistonliklarga ishonch bildirgan. Anzur Ismoilov “Chanchung Yatai” safida, Yegor Krimets esa “Beytszing Goan” safida to‘p suradi. Har ikki futbolchi himoya chizig‘i vakillari hisoblanadi.
O‘zbekistonlik hujumchi Igor Sergeyevning Xitoydagi faoliyati muvaffaqiyatli bo‘lmadi. “Beytszing Goan” yarim yillik sinovdan keyin uni Toshkentga qaytarib yubordi. Ayni vaqtda “Shandong Lunen” klubi O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Odil Ahmedovni sotib olishga harakat qilmoqda.
Izoh (0)