Shvetsiyaning Lunds universiteti olimlari Yer sharining sun’iy yo‘ldosh orqali olingan suratlarini o‘rganib chiqib, bu yil Santa-Klaus yashashi uchun Finlyandiyaning Rovaniyemi shahri emas, Shvetsiya shimolidagi Yokmokk shahri eng qulay degan xulosaga keldi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Olimlarning fikricha, aynan u yerdan afsonaviy sehrgarga butun insoniyatga sovg‘alar tarqatish eng qulay bo‘lgan bo‘lardi.
Olimlar press-relizida ma’lum qilinishicha, ular tungi sayyoraning sun’iy yo‘ldosh orqali olingan suratlarini tahlil qilib chiqqan va Santa-Klausga butun dunyo aholisiga sovg‘alar tarqatish uchun qulay bo‘lgan nuqtani aniqlagan. Bu joy, shuningdek, dunyo iqtisodiyoti va aholi soni o‘zgarishlarini aks ettiradi.
Shved olimlarining yangi tadqiqotlari Santa-Klaus uchun eng qulay yashash joyi vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkinligini ko‘rsatadi.
“Natija kutilmagan bo‘lishi mumkin, biroq yerning yumaloq ekanligini hisobga olsa, bu mantiqqa ega. Santa Shimoliy qutbda yashashi to‘g‘risidagi ilgarigi tasavvur ham unchalik xato emas”, — deydi Lunds universiteti ijtimoiy-iqtisodiy geografiya o‘qituvchisi Ola Xoll.
Tadqiqot sun’iy yo‘ldosh suratlarida qayd etilgan tungi chiroqlar migratsiya modellarini yetarlicha aniq aks ettirishi va dunyoviy ko‘lamda qo‘llanilishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Izoh (0)