Futbol bo‘yicha kuchli beshlik milliy chempionatlarining ikki klubi amaldagi bosh murabbiylarga chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘ydi.
Ispaniyaning “Malaga” klubi mamlakat kubogining 1/16 finalida quyi divizion jamoasi dovonidan o‘ta olmagandi. Uchrashuvning ertasiga mashhur murabbiy Xuande Ramos iste’foga chiqarildi.
“Malaga” La Liga 16-turidan keyin 21 ochko jamg‘arib, 11-o‘rinni egallab turgandi. Ramos boshqaruvida klub 5 ta o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi va yana shunchasida mag‘lub bo‘ldi. Qolgan 6 tasida murosa ko‘chasiga ko‘ndi. Jamoaning mavsum davomida qilgan eng katta ishi 12-turda “Kamp Nou”da “Barselona” bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagani edi.
Ma’lumot uchun, 62 yoshli mutaxassis Xuande Ramos o‘z vaqtida “Sevilya”, “Tottenhem” , “Real”, SSKA (Moskva) kabi jamoalarda ham ishlagan. U o‘zining eng yorqin damlarini “Sevilya”da o‘tkazgan bo‘lib, UEFA Kubogi (2005/06 va 2006/07), Yevropa Superkubogi (2006), Ispaniya Kubogi (2006/07), Ispaniya Superkubogi (2007) kabi turnirlarda zafar quchgan. Madridning “Real” klubi bilan esa mavsumni 2-o‘rinda yakunlagan.
Ramos bilan bir kunda 55 yoshli ingliz mutaxassisi Alan Pardyu ham iste’fo berdi. Uning “Kristal Pelas” bilan qayd etayotgan natijalari rahbariyatni qanoatlantirmadi.
London klubi ortda qolgan 17 turdan keyin tumanli Albionda 17-o‘rinda bormoqda: 4 ta g‘alaba, 3 ta durang va 10 ta mag‘lubiyat. “Kristal Pelas” Angliya Liga Kubogidagi ishtirokiga birinchi o‘yindayoq yakun yasagandi.
Angliyaning asosan o‘rtamiyona jamoalarida ishlab kelgan Pardyu katta natijalarni qo‘lga kiritmagan. U o‘z vaqtida “Vest Hem”, “Sautgempton”, “Nyukasl” kabi klublarni boshqargan.
Izoh (0)