Buyuk Britaniya, Norvegiya va Chexiya Tyumen shahrida o‘tishi ko‘zda tutilgan biatlon bo‘yicha Jahon Kubogiga boykot e’lon qildi. “RIA Novosti”ning qayd etishicha, bu qarorga rossiyalik sportchilar bilan yuz bergan doping mojarolari sabab bo‘lgan.
Avvalroq Britaniya biatlonchilar uyushmasi shunday qarorga keldi va biatlonchilar xalqaro uyushmasini bu haqda ogohlantirdi. Arizada Norvegiya terma jamoasi ham Rossiyaga tashrifdan bosh tortgani ko‘rsatib o‘tilgan.
Norvegiyalik biatlonchilar Butunjahon antidoping tashkiloti ro‘yxatiga tushib qolgan barcha rossiyalik sportchilarni diskvalifikatsiya qilishni talab qilgan. Shuningdek, Rossiyada o‘tishi ko‘zda tutilgan barcha biatlon bo‘yicha xalqaro musobaqalar olib qo‘yilishi kerak degan g‘oyani ilgari surgan.
Chexiya tomoni ham Tyumenga bormasligi haqida ogohlantirdi. Taxminlarga ko‘ra, yaqin orada Fransiya terma jamoasi ham Jahon Kubogida ishtirok etmaslik bayonoti bilan chiqadi.
Ma’lumot uchun, 13-dekabr kuni Rossiyaning Sochi shahri mezbonlik qilishi kerak bo‘lgan bobsley bo‘yicha Jahon Chempionati bekor qilingandi. Bobsley xalqaro federatsiyasi bunday og‘ir damlarda Rossiyada turnir o‘tkazish to‘g‘ri ish emas deb vaziyatga tushuntirish bergandi.
Bu murojaatdan oldinroq AQSh, Avstriya va Latviya termalari Sochiga bormasliklari haqida aytib o‘tgandi. Bunga sabab qilib Rossiya bilan bog‘liq doping mojarolari va Richard Maklaren bayonoti ko‘rsatilgandi.
Izoh (0)