2016-yilni Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubida o‘tkazgan va raqiblar darvozasiga 22 ta gol urgan hujumchi Temurxo‘ja Abduxoliqov mavsum to‘purariga aylangandi. “Championat.asia” nashri uning shu mavsumda urgan gollaridan tayyorlangan rolikni Youtube sahifasiga joyladi.
Temurxo‘ja Abduxoliqov yil davomida bir nechta gol urgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston milliy terma jamoasidan chaqiruv qog‘ozi olmadi. Terma murabbiyi Samvel Babayan Abduxoliqov uning prinsiplariga to‘g‘ri kelmasligini aytib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, futbolchilik faoliyatini “Bunyodkor” klubida boshlagan Temurxo‘ja Abduxoliqov Samvel Babayan rahbarlik qiladigan “Paxtakor” bilan 2011-yil shartnoma imzolab, uch mavsum shu klub safida to‘p surgandi.
Oliy Liga—2016 yakunida Temurxo‘ja Abduxoliqovga Malayziyaning “T-Tim” klubi qiziqish bildirgani aytildi. Orada “T-Tim” Pavel Smolyachenko, Farhod Tojiyev kabi o‘zbekistonlik futbolchilarni ko‘rik uchun chaqirdi, biroq Temurxo‘janing “T-Tim” safiga yetib borgani borasida ma’lumot chiqmadi.
Futbolchi “Paxtakor” va “Lokomotiv” klublaridan tashqari 2013—2015-yillar davomida Xorvatiyaning “Hayduk Split” futbol klubida ham to‘p surgan.
Izoh (0)