Xitoyning “Xebey Chayna Forchun” klubi “Arsenal”dan Aleksis Sanchesni olib kelishga urinib ko‘radi. Boisi chililik hujumchi London klubi bilan muzokarani ijobiy yakunlay olmayapti.
Sanches “Arsenal” safida 2018-yilning yoziga qadar bo‘ladi. Futbolchi yangi shartnoma tuzilgudek bo‘lsa, klubidan haftasiga 250 ming funt olish niyatida. “Arsenal”ning talabi esa biroz boshqacharoq bo‘lib, klub unga 180 mingdan ko‘p to‘lamoqchi emas.
“Xebey Chayna Forchun” esa maydalashib o‘tirmay, Sanches uchun haftasiga 500 ming funt to‘lashga tayyor. Bu holda u dunyoda eng katta maosh olayotgan Esyekel Lavessini ham ortda qoldiradi. Chunki “Xebey Chayna Forchun” Lavessi uchun yiliga 30 million yevro beradi.
The Sun nashriga ko‘ra, Aleksis Sanchesning transfer narxi 46,6 million funtni tashkil qiladi. Xitoy klubi bu pulni “Arsenal” hisob raqamiga o‘tkazishga tayyor.
Avvalroq “Xebey Chayna Forchun” Lionel Messi uchun yiliga soliqlarsiz naqd 100 million yevro to‘lashga tayyor ekanini ma’lum qilgandi. Mazkur klubni o‘z vaqtida “Real Madrid” va “Manchester Siti”da faoliyat olib borgan Manuel Pelligrini boshqarib bormoqda.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Sanches “Manchester Siti”dayoq uning shogirdiga aylanishi mumkin edi. Biroq “moliyaviy feyr-pley” sabab “Siti” Sanchesni qo‘lga kirita olmagandi.
Izoh (0)