Uber taksi servisi Volvo haydovchisiz avtomobillarining San-Fransiskoda sinov rejimidagi qatnovini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda The Verge ma’lum qildi, deb yozadi TJournal.
14-dekabrdan boshlab tizim tasodifiy tarzda UberX servisi foydalanuvchilarini tanlab, ularga Volvo XC90 avtomobilining haydovchisiz versiyasini ajratadi. Xavfsizlik uchun mashinada Uber’ning ikki xodimi ham bo‘lib, ular oldingi o‘rindiqlarda joylashadi.
13-dekabr kungi qatnovlarda bir necha qiziqarli holatlar yuz berdi. Masalan, restoranga chaqirilgan mashina yo‘l chekkasida emas, qoq o‘rtasida to‘xtadi. Boshqa vaziyatda esa qo‘shni harakatlanish yo‘nalishi bo‘sh bo‘lishiga qaramay, mashina yo‘lning tirband qatoriga turib oldi. Natijada haydovchi mashinani boshqa yo‘nalishga o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.
Kompaniya avtomobillarning amaldagi federal va davlat qonunlari talablariga mos ekanligiga urg‘u berayotgan bo‘lsa-da, Uber haydovchisiz mashinalarni sinovdan o‘tkazish uchun Kaliforniya transport vositalari departamentidan ruxsat olmagan.
Departament haydovchisiz avtomobillar ishlab chiqaruvchilaridan shtat hududida sinovdan o‘tkazish haqida hukumatga ma’lum qilishni talab qiladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)