“Sayyod.com” nashri ijtimoiy tarmoqlar orqali “Nokamtarlar xit-paradi” uchun qo‘yilgan so‘rovnoma natijalarini e’lon qildi. Reyting odamlar tomonidan bildirilgan, shou-biznes vakillaridan anonimlik sharti bilan olingan hamda sayt fikrlarini o‘zida birlashtirgan.
17-o‘rin: Munisa Rizayeva.
Eng oxirgi o‘rinni egallagan bu xonandani nokamtarligini Instagram sahifasiga qo‘yadigan selfilari va suratlarda libosi yoki o‘zini oynada suratga olib tushaverishi, gullaru to‘ydagi liboslarini ham ko‘z-ko‘z qilish bilan sharhlandi.
16-o‘rin: Sayyod.
Mazkur xit-paradda “Sayyod.com” rahbariyatiga ham xalqning nokamtarlik unvoni berilgani sababini Instagram’ga qo‘yiladigan sovg‘alar va shirinliklar suratini reklama deya baholashdi.
Reytingning 15-o‘rnidan aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva joy oldi.
O‘zini suratga olishni xush ko‘rishi bilan aktrisaga bu o‘rin nasib etgan bo‘lsa ne ajab...
14-o‘rin: Sardor Rahimxon
Asosan do‘stlari davrasidagi dasturxon atrofida suratga tushishni yoqtiradigan xonandani shu suratlarini Instagram’ga joylagani uchun nokamtar sanashgan ko‘rinadi.
13-o‘rin: Bastakor Eldor Qayumov
O‘z kasbidan “yulduzlikka intilish” sifatida ko‘proq foydalanib kliplarda faolligi oshgan bu ijodkor xit-paradning shu o‘rniga loyiq deb topildi.
12-o‘rin: Zarina Nizomiddinova
Selfi tushishni va qomatini oynadan suratga olishni sevadigan Zarina ham nokamtarlik reytingidan joy oldi.
11-o‘rin: Halima Ibragimova
Ayol qiziqchilardan hozirda yagona bo‘lgan Halima Ibragimovaga ovoz berganlar xuddi amerikalik qora tanli reperlar kabi bo‘yniga arqondek va unga ilingan lagandek kulonli tillolar taqib va umuman tillolardan haddan ziyod foydalanadi degan fikrga kelgan.
10-o‘rin: Kaniza
Kanizaning Instagram’dagi selfimaniyasi va sovg‘alaru gullar bilan tushgan suratlarini joylashi uning ushbu o‘ringa loyiq deb topilishiga sabab bo‘ldi.
9-o‘rin: Jasur G‘oyipov
Bu xonandaning ijod davomidagi “Men bu men!” shiori bilan o‘ta nokamtar fikrlariyu intervyudagi osmon-osmon gaplari uni aynan shu o‘ringa muhrladi.
8-o‘rin: Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayevlar
Shohjahonni uzuklaridan to imiji va albatta “qonuniylashtirilgan” eksklyuziv liboslari reytingning shu o‘rniga sabab bo‘ldi. Ukasi Zohirshoh esa ijodidan ko‘ra quruq gaplari bilan shu o‘ringa mos ko‘rinadi.
7-o‘rin: Asilbek Ne’matov
Nashrning ta’kidlashicha, u o‘zini Himolay tog‘lariga qiyoslaganini aytib tasvirlangan videodanoq “kamtarlik” darajasi qay tarzda ekanini bilish qiyinmas.
6-o‘rin: Sarvar Isayev
Bu rejissor so‘nggi paytlar o‘zi suratga olgan klip va reklamalarida hadeb o‘zini reklama qilaverishidan nokamtarlik darajasi mana shu o‘ringa chiqdi, deydi “Sayyod.com”.
5-o‘rin: Shahzoda Muhammedova
Uning bu o‘rinni egallashiga ijtimoiy tarmoqlardan yig‘ilgan ko‘plab ovozlar sabab bo‘ldi. Aktrisa, modelyer, dizayner va xonanda... xuddi “Kavkaz asirasi” komediyasidagi Nina qahramonidek. O‘zi so‘nggi payt o‘sha qahramonga o‘xshab ham ketyapti, deydi muallif.
4-o‘rin: Mirtohir Mirg‘ulomov
“Sb.uz” saytining rahbari so‘nggi paytlar boshlovchiligu, “men ham bir ko‘rinay” degan epizodik aktyorlikkacha urinayotganligi ta’kidlanmoqda.
3-o‘rin: Akbar Atamuhammedov va uning “Sado” guruhi
Kasting haqida joylagan e’lonida u o‘z guruhini Afsonaviy deb nomlagani xit-paradining yuqori pog‘onasidan joy olishiga sabab bo‘ldi.
2-o‘rin: Klipmeyker Narimon Sultonxo‘jayev
Bosh rolni o‘zi ijro qilish sharti bilan kliplarni suratga oladigan klipmeyker Narimon Sultonxo‘jayev bu borada so‘zsiz shu o‘ringa loyiqligi sir bo‘lmasa kerak. Klipiga rafiqasiniyam, farzandiniyam va hattoki dodasiniyam olib chiqdi, deydi “Sayyod.com”.
1-o‘rin: Ahad Qayum
Nashr ta’kidlashicha, tinmay suratga tushadigan va kitoblarini suratlari bilan to‘ldirgani yetmagandek alohida kalendarlar chiqaradigan bu shoir o‘zini rejissorlikkayam urgan va hattoki ashula aytib, klip ham suratga olgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)