Argentina va Buyuk Britaniya hukumati Folklend urushida halok bo‘lgan askarlar identifikatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi sud tibbiy ekspertlari guruhini tashkil etishga kelishdi. Bu haqda 9-dekabr, juma kuni Argentina Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Ikki mamlakat vakillarining 8—9-dekabr kunlari Jenevada bo‘lib o‘tgan uchrashuvida yuqoridagi kelishuvga erishildi.
Erishilgan kelishuvga ko‘ra, Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasi sud tibbiy ekspertlar guruhini tashkil etib, uning tarkibiga shaxsi aniqlanmagan askarlar DNKsini to‘plash maqsadida ikki nafar argentinalik ekspert kiritiladi. Shundan so‘ng ular o‘z ixtiyori bilan identifikatsiyaga rozilik bergan oilalar tomonidan to‘plangan namunalar bilan taqqoslanadi.
Argentina tashqi ishlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, ekspertlar 2017-yilda identifikatsiyani boshlashi mumkin.
Folklend orollari deyarli 200 yildan buyon Argentina va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi tortishuv sababchisi bo‘lib kelmoqda. 1982-yilning aprelida ikki mamlakat o‘rtasida qisqa urush bo‘lib o‘tgan edi. Unda Argentina mag‘lub bo‘lib, 649 nafar harbiy xizmatchisini yo‘qotdi. Britaniya tomonining yo‘qotishlari 255 kishini tashkil etdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)