BMT Xavfsizlik Kengashi Liviya qurolli guruhlarini Tripolida 1-dekabr kuni boshlangan to‘qnashuvlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi, shuningdek, nizoni siyosiy tartibga solish haqidagi bitimga to‘liq rioya qilinishi kerakligi haqida ogohlantirdi, deb yozadi “TASS”.
7-dekabr, chorshanba kuni kechqurun matbuot uchun qabul qilingan bayonotda Xavfsizlik Kengashi a’zolari Liviyadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat, shuningdek, o‘zaro raqobatlashayotgan siyosiy kuchlar va guruhlar o‘rtasidagi chuqur kelishmovchiliklar yuzasidan xavotir bildirdi.
Tanklar ishtirokidagi shafqatsiz janglar Liviya poytaxtida 1-dekabr kuni avj oldi. To‘qnashuvlarda turli qurolli guruhlar, shu jumladan, BMT ko‘magida tashkil qilingan o‘tish hukumati tarafdorlari va Xalifa al-Gveylning tan olinmagan hukumati joylashgan Misurat shahridagi ekstremistlar qatnashmoqda.
Xavfsizlik Kengashi qabul qilingan bayonotda Liviyadagi barcha tomonlarni to‘qnashuvlarni bas qilib, “barcha hal etilmagan masalalarni tartibga solish uchun” prezident kengashi bilan konstruktiv tarzda ishlashga, shuningdek, mamlakatni, uning iqtisodiyotini qayta tiklashga, terrorizmga qarshi kurashga diqqat-e’tiborni qaratishga chaqirdi.
Izoh (0)