Namanganda yosh oilalarga “Kamolot” uyi topshirildi
Namangan viloyatining shu nomli tumani markazida yosh oilalar uchun qurilgan “Kamolot” uyi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Toshbuloq shaharchasida qad rostlagan to‘rt qavatli 32 xonadondan iborat turar joy binosi qurilishiga 3,243 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Zamonaviy me’morchilik yutuqlari asosida barpo etilgan uyda barcha sharoit yaratilgan.
Mehnat faxriylari ishtirokida “Kamolot” uyining ramziy lentasi qirqildi va jamiyat hayotida faol ishtiroki bilan yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh yosh oilalarga xonadonlar kaliti topshirildi.
“Yoshligimdan sport bilan muntazam shug‘ullanaman, — dedi yangi uy sohiblaridan biri, belbog‘li kurash bo‘yicha ikki karra O‘zbekiston chempioni Asqar Dehqonov. — Yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli yuksak yutuq va marralarga erishib kelmoqdaman. Bugun imtiyozli ravishda zamonaviy turar joy bilan ta’minlanishim g‘ayratimni yanada oshiradi. Uch xonali uyda turmush o‘rtog‘im va ikki farzandim bilan baxtli hayot kechirishimiz uchun barcha sharoit mavjud”.
Keyingi yillarda viloyatda faol yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida oltita “Kamolot” uyi qurib bitkazildi. Ayni paytda bu uylarda ikki yuzga yaqin yosh oila farovon hayot kechirmoqda.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi X. Bozorov so‘zga chiqdi.
