Tayvanning Foxconn kompaniyasi katta menejeri olti mingta iPhone 5 va 5s’ni o‘g‘irlash va sotib yuborishda ayblanmoqda. Kompaniya iPhone’ning yirik yig‘uvchisi hisoblanadi. Bu haqda Tayvan prokuraturasiga tayanib, AsiaOne ma’lum qildi, deb yozadi TJournal.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish bo‘limining katta menejeri Apple kompaniyasining qurilmalari yig‘iluvchi Xitoyning Shenchjen shahridagi hamkasblariga zavoddan kontrabanda yo‘li bilan bir necha ming iPhone 5 va iPhone 5s’ni olib chiqishni buyurgan.
Olib chiqilgan qurilmalar sinovdan o‘tmaganligi uchun yaroqsiz deb topilgan. Biroq bu tayvanlikka mazkur qurilmalarni 2013—2014-yillarda Shenchjendagi do‘konlarda sotib yuborishiga to‘sqinlik qilmadi. Noqonuniy daromadning umumiy summasi 2,2 million dollarni tashkil qilgan.
Qurilmalarning yo‘qolganligi ichki tekshiruvdan so‘ng ma’lum bo‘lgan. Hozirgi paytda sobiq menejer so‘roq qilingan va mamlakatni tark etmaslik sharti bilan qo‘yib yuborilgan. Unga o‘n yillik qamoq jazosi xavf solmoqda.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)