Kuba inqilobining tarixiy yetakchisi Fidel Kastroning dafn marosimi 4-dekabr kuni Santyago-de-Kuba shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Marosim Fidel Kastroning vafotidan so‘ng respublika rahbari tomonidan e’lon qilingan to‘qqiz kunlik umummilliy motamning oxirgi kunida mahalliy vaqt bo‘yicha 07:00 da boshlanadi.
Dafn marosimida Kubaning amaldagi rahbariyati vakillari Davlat kengashi va Vazirlar kengashi raisi Raul Kastro boshchiligida ishtirok etadi.
Shuningdek, afsonaviy inqilobchi hurmatini bajo keltirish uchun Boliviya yetakchisi Evo Morales va Braziliyaning ikki sobiq prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva va Dilma Russeffning kelishi kutilmoqda. Afsonaviy futbolchi Diyego Maradona Fidel Kastroning dafn marosimida ishtirok etish uchun 2-dekabr, juma kuni Kubaga uchib keldi.
Kuni kecha Kastroning xokini olib ketayotgan motam korteji Santyago-de-Kuba shahriga yetib keldi. U orol davlatning 15 provinsiyasidan 13 tasi hududi orqali ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi. Mazkur yo‘lda kortejni turli yoshdagi yuz minglab kubalik kuzatib qoldi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)