Xonanda Qilichbek Madaliyev 1—2-dekabr kunlari Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida “Oshiqligimni ayting” deb nomlangan konsert dasturini taqdim etdi. Dasturning birinchi kunida mehmon bo‘lgan jurnalist Feruz Muhammad konsert taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Konsert berish borasida uch yil tanaffus qilgan xonanda dasturni “O‘zbekiston — o‘z yo‘lidan qaytmas Vatan” deb nomlangan taronasi bilan boshladi. Dasturni mashhur radioboshlovchi Akmal Mirzo olib bordi.
Uch bo‘limga bo‘lingan dasturning birinchi bo‘limida yettita tarona kuylandi. Dasturning ilk bo‘limida shoir Iqbol Mirzo qalamiga mansub, dasturga nomi berilgan “Oshiqligimni ayting” taronasi hamda ketma-ket “Oyni ololmay”, ”Do‘stim”, “Tassavvur qil”, “Habibim” hamda “Dadamning muxlislari” kabi qo‘shiqlar kuylandi. Mazkur taronalarning har biri muxlislar tomonidan gulduros va davomli qarsaklar bilan kutib olindi.
Ushbu bo‘limda xonandaning dadasi va ustozi Ohunjon Madaliyevning arxiv videosi katta monitordan ko‘rsatildi. Unda xonanda Ohunjon Madaliyev: “Siz, aziz muxlislarimizga, boshimiz yerga tekkuncha ta’zimdamiz! O‘tgan yili konsert beramiz deb, konsert bera olmadik. Oylar, yillar o‘taverar ekan, siz bilan diydor ko‘rishmaganimizga ham ancha vaqt bo‘libdi”, mazmunidagi gaplarni aytgan edi.
Bu videolavha muxlislarning ko‘zlarini yoshlatdi. Xonanda ham ko‘zida yosh bilan, muxlislarga qarab: “Qarang, biz ham siz aziz muxlislarimiz bilan ancha vaqt diydor ko‘rishmapmiz. Dadamning so‘zlari bugungi dasturimda qalbimdagi so‘zlarga ulanib ketdi”, deya, uni tanitgan “Dadadmning muxlislari” qo‘shig‘ini jonli ijroda kuyladi. Qo‘shiq naqoratiga muxlislar ham jo‘r bo‘ldi.
“Dadamning muxlislari” qo‘shig‘idan so‘ng, “Bir umr kuylayman yetkuncha kuchim, Dadamni sog‘ingan muxlislar uchun” so‘zlari qatnashgan yangi xotira-qo‘shiq ham muxlislar tomonidan juda yaxshi kutib olindi.
Birinchi va ikkinchi bo‘lim o‘rtasida Ohunjon Madaliyevning jiyani Nodir Xolboyev chiqish qildi. Xonanda Nodir Xolboyev Ohunjon Madaliyevning “Seni hech kim sevolmaydi meningdek” qo‘shig‘ini va o‘zining yangi taronasini muxlislar e’tiboriga havola qildi.
Dasturning ikkinchi bo‘limi muxlislarning yodidan uzoq vaqt chiqmasligi aniq. Chunki ushbu bo‘limda esda qolarli voqealar, qo‘shiqlar juda ham ko‘p bo‘ldi. Bo‘limdagi “Chin sevgi”, “Shahnozaxon keldilar” kabi dilrabo taronalardan so‘ng kuylangan “To‘xtaxon” qo‘shig‘i dasturga o‘zgacha fayz berdi.
Bizningcha, shu vaqtgacha hech bir xonanda kutubxonachi opasiga bag‘ishlab qo‘shiq kuylamagan bo‘lsa kerak. Taxminimizcha, “To‘xtaxon” bu borada birinchi bo‘ldi. Xonanda bir voqeani aytib berdi: “Bir kuni kutubxonaga kirsam, kutubxonachi opa: ‘Qilichbek, men otangizning ijodini juda hurmat qilaman, ularning qo‘shiqlarini sevib tinglayman. Sizning ijodingizni ham juda hurmat qilaman. Shu vaqtgacha deyarli barcha qizlarning ismiga qo‘shiq kuylangan, ammo mening ismimga atab umuman qo‘shiq aytilmagan’, deb qoldi. Ularning gapi xayolimdan chiqmadi va aynan ularning ismlariga atab qo‘shiq yozishga qaror qildim”.
Muxlislar orasida Qilichbekning kutubxonachi opasi ham bor ekan — kutilmagan qo‘shiqdan hayratda qolgan kutubxonachi Qilichbekka bir dasta gul sovg‘a qildi. San’at yo‘nalishida tahsil olayotgan xonandaning kursdoshlari ushbu qo‘shiqqa jamoa bo‘lib raqsga tushdi.
“Ona” deb nomlangan ajoyib taronani kuylagandan so‘ng xonanda o‘zi tayyorlagan guldastani onasiga sovg‘a qildi. Xonandaning ta’kidlashicha, aynan onasiga gul sovg‘a qilish uchun gul yasatishni va gulchilikni o‘rganibdi.
Dasturda kuylangan “Yo‘l bo‘lsin”, “Kuldi bahor” hamda “Nilufar” kabi qo‘shiqlar ham yaxshi kutib olindi. Bu qo‘shiqlarga muxlislar zal yo‘laklarini to‘ldirib raqsga tushdi.
Xonanda Qilichbek Madaliyev aktrisa Shaxzoda Muhammedova bilan birgalikda kuylagan qo‘shig‘i esa konsertning eng kutilmagan jihatlaridan bo‘ldi. Shu vaqtgacha duet kuylamagan xonanda nega aynan aktrisa Shahzoda Muhamedova bilan birga qo‘shiq kuylagani sababi noma’lum, biroq ular kuylagan tarona muxlislarga ma’qul kelganini ularning qarsaklaridan anglab olish mumkin edi.
Dasturga rejissorlik qilgan qiziqchi va boshlovchi Abror Baxtiyorovich dasturda o‘zi ham chiqish qildi. Uning Olim Aka bilan tayyorlagan hazillari muxlislarga xushkayfiyat ulashdi. Oilaviy hazillar va chiqishlar davomli qarsaklar bilan taqdirlandi.
Dasturning so‘nggi bo‘limi Ohunjon Madaliyevning “Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas” deb nomlangan qo‘shig‘i bilan boshlandi. “Firoqingda”, “Aldadimi”, “Ko‘nglimda bir yor”, “Shahzodaningni kut”, “Mohichehra”, “Yigitlarni e’zozlang”, “Vatan” kabi qo‘shiqlar so‘nggi bo‘limga alohida zeb berdi.
Dasturning biroz kech boshlanganini hisobga olmaganda, Qilichbek Madaliyevning konsert dasturi juda ham fayzli o‘tdi. “Vatan” deb nomlangan dilrabo tarona Qilichbek Madaliyevning uch yillik tanaffusdan keyingi ikkinchi yakkaxon konsertiga yakun yasadi.
Izoh (0)