Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Kubogining finalida zafar quchgan “Lokomotiv” “oltin dubl” qayd etdi. Mamlakat chempionatining 29-turidan keyin o‘z tarixida ilk bor chempion bo‘lgan “temiryo‘lchilar”, kubok finalida Qarshining “Nasaf” klubi ustidan zafar quchdi.
Bellashuvdagi yagona gol 2016-yilgi mavsum to‘purari bo‘lgan Temurxo‘ja Abduxoliqov tomonidan urildi. Uning kiritilishida “Nasaf” posboni Eldor Suyunov xatoga yo‘l qo‘ydi. Darvozabon avvaliga to‘pni raqib futbolchisiga tashlab bergan bo‘lsa, keyinroq uni qo‘lidan chiqarib yubordi.
Bunga qadar har ikki klub O‘zbekiston Kubogida bir martadan zafar quchgan bo‘lib, final bellashuvlarida “Bunyodkor”ni mag‘lub etgandi. Endilikda “Lokomotiv” hisobida mamlakat kuboklari soni 2 taga yetdi.2016-yilgi mavsum uchun yangi ishlangan kubok
Qayd etish kerak, Samarqand shahri mezbonlik qilgan final o‘yini Kolumbiyada halokatga uchragan “Shapekoense” futbol klubi xotirasi uchun 1 daqiqalik sukut bilan boshlandi.
O‘zbekiston Kubogi Final 30-noyabr, chorshanba
Izoh (0)