O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Latviyaning Cleantech Latvia nodavlat tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.
Shtab-kvartirasi Rigada joylashgan va 2006-yilda faoliyatini boshlagan tashkilot ekologik toza texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish hamda ishlab chiqarishda joriy etishga ixtisoslashgan bo‘lib, Latviya biotexnologiyalar assotsiatsiyasi uning ta’sischisi hisoblanadi. Yevropa mintaqaviy rivojlanish fondi hamda Latviya investitsiyalar va taraqqiyot agentligi tomonidan moliyalashtiriladi.
Cleantech Latvia O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish, xalq va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ilg‘or “yashil” texnologiyalarni joriy etish borasida hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Hozirda nodavlat tashkiloti O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi bilan birgalikda suv resurslarini boshqarish, energiyadan foydalanish samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi va muqobil energetikani keng joriy etish kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga kirishdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)