Tashqarida havo sovuq, barcha filmlarni tomosha qilib, musiqalarni tinglab bo‘ldingizmi? U holda anchadan buyon orzu qilgan biroq boshlay olmagan sevimli mashg‘ulotingiz — rasm chizishni o‘rganish uchun ayni paytda kirishishingiz mumkin.
Rasm chizish uchun ilhom va xohishning paydo bo‘lishi, qolaversa, chizgan suratlaringiz ko‘zingizni quvnatishi uchun rasm chizishni bosqichma-bosqich o‘rganish bo‘yicha tavsiyalarimizni e’tiboringizga havola etamiz.
Agar bu qobiliyatga ega ekanligingiz bo‘yicha ikkilanayotgan bo‘lsangiz, bolaligingizni yodga oling. Axir bolalikda har birimiz rasm chizishga usta bo‘lamiz.
Qalam bilan rasm chizishni o‘rganish uchun sizga quyidagi ashyolar kerak bo‘ladi:
- Albom yoki bloknot;
- qora qalam yoki rangli qalamlar to‘plami;
- kuniga 20—30 daqiqa vaqt;
- qulay manzara yoki yaxshi fantaziya;
- ilhom va xohish;
Endi esa eng oson va bir vaqtning o‘zida qiyin qadam — chizishni boshlash. Shoshilinch bo‘lmagan ishlarni ortga surib, ijodiy kayfiyatni yarating. Bunda yolg‘iz qolishingiz va sizni hech kim chalg‘itmasligi ham maqsadga muvofiqdir. Oldingizga toza varaq qo‘yib, qo‘lingizga qalam oling va birinchi nuqtani qo‘ying. Nima chizish haqida o‘ylab ko‘ring.
Bular sizni o‘rab turgan har qanday buyum bo‘lishi mumkin. Devordagi soat, qahva finjoni, kuz bargi, dasturxondagi naqsh va hokazo. Chizishni tayyor tasvirlardan boshlash osonroq. Shunchaki, sizga ma’qul kelgan kartinkani tanlang va uni chizing. Yoki fantaziyangizni ishga soling. Qog‘ozda yaqinda o‘qigan kitobingizdagi noreal dunyoni gavdalantirishga urinib ko‘ring.
Hozirgi vaqtda internetdagi roliklar va bosqichma-bosqich aks ettirilgan kartinkalar yordamida rasm chizishni o‘rganib olish mumkin. Mahoratingizni har kuni oshira borib, bir necha haftadan so‘ng kichikroq bo‘lsa-da san’at asarlarini yarata olasiz. Ular xonadoningiz ko‘rki yoki yaqinlaringizni xursand qiluvchi sovg‘aga aylana oladi.
Asosiysi, tanqiddan cho‘chimaslik, axir har qanday buyuk ishlar kichkina ishlardan boshlanadi!
Izoh (0)