O‘zbekiston milliy terma jamoasining Janubiy Koreyaga qarshi mag‘lubiyat bilan yakuniga yetgan o‘yinidan keyin sobiq futbolchi Azamat Abduraimovning “Erudit Sport” gazetasida tahliliy maqolasi chop etildi. O‘z vaqtida jurnalistika sohasida ham faoliyat olib borgan Abduraimov birinchi bo‘limda namoyish etilgan o‘yindan qoniqish hosil qilganini aytgan:
“O‘yinning dastlabki qismida ko‘rsatilgan futbol meni ham juda xursand qildi. Vakillarimiz raqibdan qo‘rqmay, ajoyib himoyalandi, bo‘sh hududlarni faollik bilan yopa oldi va raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Zamonaviy pressing sabab qarshi hujum boshlab, Janubiy Koreya terma jamoasi futbolchilarini xato qilishga majbur qila oldi”, — deb yozgan Azamat Abduraimov.“Tanaffusdan keyin esa murabbiylar xatoga yo‘l qo‘ydi. Ikkinchi bo‘lim raqib bizga umuman boshqa futbol taklif qilganida, murabbiylar shtabi va futbolchilar bunga tayyor emasdi. Mezbonlar zaxira kuchlaridan juda to‘g‘ri foydalandi, biz bu borada xato qildik”.
Muallif so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi bo‘limga kelib Aleksandr Geynrixning maydon tushgani noto‘g‘ri qaror bo‘lgan:
“Jamoamiz asosiy vaqtni himoyalanish bilan o‘tkazayotgan paytda Aleksandr Geynrix singari to‘pni o‘zida saqlay oluvchi hujumchi emas, qarshi hujumda tezkorligini namoyish eta oladigan futbolchi zarur edi. Chunki, bungacha butun o‘yin davomida biz himoyalanishda jangovar, keskin o‘yin namoyish etib, yakkakurashlarda ham yutayotgan bo‘lsak, hujumda raqib darvozabonining xatosidan bo‘lak hech narsani qoyillata olmayotgandik. Ya’ni, biz foydalanishimiz mumkin bo‘lgan yagona variant — qarshi hujum bo‘lsa-da, o‘yin davomida aynan nimaning evaziga g‘alaba qozonishimiz mumkin ekanligini ko‘rsata olmadik”.
“Ikkinchi bo‘limda Shtilike o‘z zaxira kuchlari bilan Babayanni mag‘lub etdi. Samvel qarshi hujumda tezkor Sardor Rashidovni tushirmay, Geynrixni tushirgani ish bermadi. Fikrimcha, bu noto‘g‘ri qaror edi”.
Azamat Abduraimov Janubiy Koreyaga qarshi harakat qilgan tarkibni optimal deb baholamagan, bu faqatgina Samvel Babayan tarkibi ekanini ma’lum qilgan:
“Shaxsan men bugungi terma jamoaning tarkibini optimal tarkib deb hisoblamayman, bu Babayan jamoasi. Chunki terma jamoa natijasiga aynan u javob beradi, shu bois Samvel o‘zi ishongan futbolchilarni terma jamoaga taklif etgan, ularni maydonga tushirmoqda. Masalan, bu jamoada men ishlaganimda, tarkib bugungidek ko‘rinish olmagan, men ko‘rishni istagan futbolchilar jamlanardi”, — deb yozgan Abduraimov.
“Bugungi kunda mutaxassislar singari muxlislar ham terma jamoamiz tarkibidan qoniqish hosil qilayotgani yo‘q. Chunki, chindan ham mamlakatimizda yana kamida 10 futbolchi borki, ular ayni damda terma jamoamizga to‘p surishga loyiq. Misol uchun, Igor Sergeyev ishonchni oqlayotgani yo‘q. U Xitoyda yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lolmayapti. Uning o‘rniga bemalol Oliy Liga to‘purari Temurxo‘ja Abduxoliqovni sinab ko‘rsa bo‘ladi”.
“O‘yinda Aleksandr Lobanov ham to‘pga chiqishlarda, gol urilgan vaziyatda joy tanlashda xatolarga yo‘l qo‘ydi. Himoyachilar gol kiritilgan vaziyatlarda xatolardan holi bo‘lmadi. Men futbolchilarni yaqqol aybdor demoqchi emasman, ammo ularda ham yetarlicha xatolar ko‘zga tashlandi”.
Xulosa o‘rnida muallif mamlakat o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarining ham muvaffaqiyatsizliklariga to‘xtalib, shunday taklif bergan:
“O‘ylaymanki, yil yakunida ushbu natijalarimiz chuqur tahlil etilishi va va tashkiliy qo‘mita darajasida ko‘rilib, bu borada qandaydir o‘zgarishlar kiritilishi lozim. Toki keyingi yilda natijalarimiz yanada yaxshilanishi va futbolimiz rivojlanishi uchun”.
Ma’lumot uchun, Azamat Abduraimov O‘zbekiston termasining Janubiy Koreya ustidan qo‘lga kiritilgan tarixdagi yagona g‘alabasida gol urgan futbolchi hisoblanadi. 1994-yil Xirosimadagi Osiyo O‘yinlarida aynan uning goli o‘zbekistonliklarga Janubiy Koreya ustidan g‘alaba tortiq qilgan.
Bir kun muqaddam uning otasi Birodar Abduraimov ham Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tgandi.
Izoh (0)