San-Marino Respublikasi sport va turizm davlat kotibi Teodoro Lonfernini Germaniya terma jamoasi hujumchisi Tomas Myullerning so‘zlari uchun mamlakat futbol ittifoqi uzr so‘rashini kutmoqda. Bu haqda, RTV telekanaliga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
11-noyabr kuni Germaniya terma jamoasi JCh–2018 turniriga saralash bosqichi doirasida safarda San-Marino bilan kuch sinashib, 8:0 hisobida zafar quchdi.
O‘yindan keyin Tomas Myuller San-Marino termasiga o‘xshash havaskor jamoalar bilan o‘ynashdan ma’no yo‘q ekanini va bunday o‘yinlar jarohatga olib kelishi mumkinligini aytgandi. “Bavariya” prezidenti Karl-Xayns Rummenigge klub hujumchisining so‘zlarini qo‘llab-quvvatladi.
Lonfernini futbol bo‘yicha Germaniya terma jamoasi jahon chempioni bo‘lsa-da, butun dunyoga xo‘jayin emasligini ta’kidladi.
“San-Marino butun dunyoda mehmondo‘stligi bilan shuhrat qozongan. Biz bunga asosiy e’tiborni qaratamiz. Germaniyaliklar bizga nisbatan nomaqbul so‘zlarni ishlatdi. Germaniya futbol federatsiyasidan uzr so‘rashlarini kutaman”, – dedi Teodoro Lonfernini.
Qayd etish joiz, Tomas Myuller San-Marino termasiga kiritilgan 8 ta goldan hech biriga mualliflik qilmagan edi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)