Rossiya prezidenti Vladimir Putin Armaniston bilan Kavkaz mintaqasida ikki mamlakat qo‘shinlarining Birlashgan guruhini tashkil etish yuzasidan kelishuv loyihasini imzolashga ko‘rsatma berdi. Bu haqda “Vedomosti” xabar bermoqda.
Shu tariqa hukumatning tegishli taklifi qabul qilindi va Rossiya mudofaa vazirligiga tashqi ishlar vazirligi ishtirokida arman tomoni bilan muzokaralar o‘tkazish hamda ularning yakuni bo‘yicha Rossiya tomonidan kelishuvni imzolash topshirildi.
Loyihaga ko‘ra, qo‘shinlarning Birlashgan guruhi “qurolli hujum (tajovuz) va tomonlar xavfsizligiga boshqa tahdidlarga lozim darajada javob qaytarish”ni ta’minlaydi. Ikki mamlakat mudofaa vazirliklari guruhni qo‘llash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi va o‘zlarining Bosh qo‘mondonlariga tasdiqlatadi, guruh tarkibini belgilaydi.
Hujjatda tomonlar Birlashgan guruh tarkibi uchun ajratilgan qo‘shinlarini mustaqil ta’minlashi va “kelishuv uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagani” ta’kidlangan.
Kelishuv 5 yilga tuzilishi va ushbu muddat tugagach, tomonlardan biri hamkorlikni to‘xtatish istagini bildirmasa, o‘z-o‘zidan kelgusi besh yilliklarga uzaytirilishi kutilmoqda.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)