Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Seulga charter reys bilan uchib borgani Janubiy Koreya Futbol Assotsiatsiyasi va mahalliy OAVni lol qoldirdi, deb yozdi “Stadion” nashri. Mazkur xabar Janubiy Koreya nashrlarini kuzatib boruvchi Otabek Yo‘ldoshev tomonidan tayyorlangan.
Jumladan, Sports Kyonghyang va Newsis nashrlarida shunday jumlalarni uchratish mumkin: “O‘zbekiston terma jamoasi biz bilan o‘ynash uchun ko‘p narsa tikmoqda. Masalan, ular bugun mahalliy vaqt bilan 18:30 da yetib kelishdi. Charter reys bilan kelganliklari esa hayratlanarli. Iqtisodiy tomondan boy bo‘lmagan termaning charter reysda yurishi chindan ham yangilik”.
“O‘zbekiston hozirga qadar mundialda ishtirok etmagan. Bu safar imkoniyat ancha yaxshi. Bizni yengishni uddalashsa, ular 1-o‘ringa chiqib olishlari ham mumkin. Umuman olganda O‘zbekiston uchun durang ham qoniqarli natija”.
Mazkur nashrlarni o‘qib, Janubiy Koreya futboli tepasida turgan kishilar ham O‘zbekiston termasining charter reysidan hayratda ekanini tushunish mumkin. “O‘zbekiston termasining charter reysda uchib kelishini ilk marta ko‘ryapmiz. Oddiy reyslar turib, charter reysda uchib kelgani ham o‘yinni juda muhim hisoblayotganidan darak berib turibdi”, — deb mahalliy nashrlar futbol rasmiylarining fikridan iqtibos keltirgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi va klublarining charter reys buyurtma qilishi yangilik emas. Ular bunga qadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri reysi yo‘q mamlakatlar uchun charter reyslardan foydalangan. Bu safar esa Toshkent—Seul yo‘nalishi bo‘lsa-da, o‘zbekistonlik futbolchilar charter reysdan foydalandi.
Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘yini 15-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan 16:00 da start oladi.
Izoh (0)