O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘zining saylovoldi tashviqoti doirasidagi navbatdagi uchrashuvini 14-noyabr kuni Guliston shahridagi "Yoshlar markazi" majlislar zalida Sirdaryo viloyati saylovchilari bilan o‘tkazdi. Bu haqda “Daryo”ga partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyatning barcha tuman va shaharlari saylovchilari bilan videokonferensiya orqali muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda jami 2000 nafarga yaqin talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faollari, mahalliy kengashlar deputatlari, partiyaning viloyat, tuman va shahar kengashlari a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirni Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati S.Elmurodov olib bordi. Prezidentlikka nomzod N. Umarovning ishonchli vakili — Sirdaryo viloyat “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi direktori Yu. Usmanova yig‘ilganlarga nomzodning tarjimai holi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuvda Narimon Umarov dastavval istiqlol yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida Sirdaryo viloyati iqtisodiy-ijtimoiy hayotidagi beqiyos o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y berganligini e’tirof etdi. Vohada o‘tgan qisqa davrda qishloq xo‘jaligi va sanoat rivojlanib, ayniqsa, tekstil, farmatsevtika mahsulotlari eksporti yo‘lga qo‘yilgani hududning iqtisodiy yuksalishi barobarida aholining turmush farovonligi oshishiga xizmat qilayotganini qayd etdi.
Narimon Umarov saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, undan o‘rin olgan oltita asosiy yo‘nalish haqida batafsil so‘zlab berdi. Xususan, demokratik ijtimoiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish, qonun ustuvorligiga erishish, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahamlash, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish va bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilishdek ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, yangi avlod kadrlarini tayyorlash, milliy manfaatlar ustuvor bo‘lgan tinchliksevar, progressiv tashqi siyosatni olib borishga doir masalalarda o‘z qarashlarini bayon qildi.
Nomzod uchrashuv ishtirokchilari e’tiborini iqtisodiy yo‘nalishdagi vazifalarga qaratar ekan, Sirdaryo viloyati iqtisodiyotining bugungi holati va istiqboldagi imkoniyatlari haqida to‘xtaldi.
So‘nggi yillarda hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishi natijasida viloyatda sanoat korxonalari soni sezilarli darajada ko‘paygani, o‘nlab ilg‘or ishlab chiqarish subyektlari tashkil etilib, import o‘rnini bosuvchi ko‘plab turdagi xaridorgir mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani, eksport salohiyati oshib borayotgani natijasida viloyatning Guliston, Shirin shaharlari va Sirdaryo tumani subvensiyadan chiqarilganini ta’kidladi.
Ana shulardan kelib chiqib, N. Umarov ham o‘z dasturida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini amalga oshirish masalalariga, avvalambor, mamlakatda eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning jahon va mintaqaviy bozorlardagi raqobatdoshligini oshirish, eksport va import miqdori orasidagi muvozanatni saqlash nuqtai nazaridan yondashishini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, nomzod moliya bozoriga aholi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari mablag‘larining faol jalb qilinishi borasida hali ishlatilmagan keng imkoniyatlar, yechimini kutayotgan vazifalar mavjud ekanligiga e’tibor qaratib, ularning hal etilishi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun qo‘shimcha investitsiyalar va moliyaviy resurslarni jalb qilish imkoniyatini berishini ta’kidladi.
Narimon Umarov, shuningdek, o‘zining saylovoldi dasturida ekologiya sohasida belgilangan vazifalar va, qolaversa mutaxassisligi, ya’ni gidrogeolog sifatida ko‘p yillik tajribasidan kelib chiqib, Sirdaryo viloyatining murakkab tabiiy sharoiti, hududda yer osti suvlarining yaqinligi, tuproqlarning sho‘rlanish darajasi yuqorligi muammolarini bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflari bilan o‘rtoqlashdi.
Qizg‘in muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar Prezidentlikka nomzodga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etishdi hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikr va takliflarni bildirdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O‘. Xolov, Guliston davlat universitetining Milliy istiqlol g‘oyasi, ma’naviyat va huquq kafedrasi mudiri R. Mahmudov, “Adolat” SDP Sirdaryo viloyat Kengashi raisi D. Abdullayeva, Xovos birlashgan temir yo‘l shifoxonasi bosh shifokori G‘. Rayimnazarov, Guliston maktabgacha ta’lim va xizmat ko‘rsatish kolleji o‘qituvchisi D. Umrzakova va boshqalar Narimon Umarovning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlab so‘zga chiqdi.
Izoh (0)