Iroqning Salohiddin viloyatida sodir bo‘lgan portlash va otishmalar qurbonlarining soni 43 kishiga yetdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Ilgariroq xabar qilinganidek, dastavval Tikrit shahrida xudkushlik hujumi amalga oshirilib, buning oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi, 35 kishi yaralandi. Birozdan so‘ng undan 50 kilometr naridagi Samarra shahrida xudkush terrorchi al-Asqariy masjidiga kelgan shialar turgan avtoturargohda o‘zini havoga uchirdi, buning oqibatida 12 kishi qurbon bo‘ldi. Ziyoratchilarning o‘n nafari Eron fuqarolari edi.
Eron TIV hujumlarni keskin qoraladi va marhumlarning oilalariga hamdardlik bildirdi.
“Bu Eron millati uchun og‘ir yo‘qotishdir”, — dedi Eron TIV rasmiy vakili Bahrom Qosimiy.
Iroq hukumati Tikrit va Samarrada komendantlik soati e’lon qildi.
Qurbonlar soni ortishi mumkin.
Izoh (0)