Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan 2017-yilga aholi bandligi dasturi loyihasini muhokama qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Yig‘ilishda dastur O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 8-sentabrdagi Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida bayon etilgan ustuvor vazifalar asosida ishlab chiqilganligi ta’kidlandi. Mazkur hujjat demografik omillar va iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari salohiyatini ishga solish, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish orqali aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha o‘zaro bog‘langan va kompleks chora-tadbirlarni ko‘zda tutishi aytildi.
Dasturda 390 ming kishini doimiy ish joyi bilan, 200 ming kishini qishloq xo‘jaligi hamda qurilishda mavsumiy va vaqtinchalik ish bilan, 309 ming kishini shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari, hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlik orqali ish bilan ta’minlash nazarda tutilgan.
Deputatlar tomonidan, o‘tgan yillardan farqli ravishda, kelgusi yil dasturining parametrlari yanada optimallashtirilib, hududlar va korxonalarning real imkoniyatlari hisobga olingani alohida ta’kidlandi. Jumladan, qurilish va infrastrukturani rivojlantirish, tuman va shaharlarda kichik sanoat zonalari tashkil etish hisobiga ish o‘rinlari yaratishning yo‘nalishlari kengaytirilgan. Shuningdek, ushbu dastur loyihasini tayyorlashda 2016-yil davomida aholi bandligini ta’minlash parametrlarining ijrosi yuzasidan deputatlar tomonidan amalga oshirilgan parlament nazorati yakunlari natijasida ishlab chiqilgan takliflar e’tiborga olingan.
Ushbu dastur loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig‘ilishlarida atroflicha muhokama qilinib, bir qator fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha parlament nazoratini yanada kuchaytirish, har bir deputatning ushbu masalaga mas’uliyatini yanada oshirish lozimligi ta’kidlandi. Mazkur takliflar inobatga olingan holda 2017-yilga aholi bandligi dasturi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izoh (0)