O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi diniy sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro fikr-mulohaza almashish maqsadida Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy veb sayti ma’lum qildi.
Mehmonlar bir necha yuz yillardan beri ikki xalqning o‘zaro do‘stlik ramzi sifatida Toshkent markazida qad rostlagan “Shayx Hovandi Tohur” va “To‘labiy” maqbaralarini ziyorat qilish bilan safarlarini boshladi.
Toshkent islom universitetiga tashrif buyurgan mehmonlar oliygohning tarix va hozirni uyg‘unlashtirgan ajoyib binolari, talabalar uchun yaratilgan sharoitlari bilan tanishdi. Shuningdek, universitetda 200 dan ortiq turli mavzulardagi o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillaridagi kitoblar, jurnal hamda gazetalardan iborat ko‘rgazmaga tashrif buyurdi.
Ayniqsa, “Qur’oni karim ma’nolarining o‘zbekcha tarjimasi”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Dunyo ulamolari murojaati”, “IShID fitnasi”, “Internetdagi tahdidlardan himoya”, “Islom va aqidaparast oqimlar” kabi yurtimiz olimlari hamda tadqiqotchilarining turli tillardagi kitob va qo‘llanmalari mehmonlarda chuqur qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, mehmonlar Toshkentning diqqatga sazovor joylarini ham ziyorat qildi. Jumladan, bir qator mehmonlar O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)